Isroil harbiy-dengiz kuchlari Global Sumud Flotilla tashkilotining G‘azo sektoriga gumanitar yuk yetkazayotgan bir nechta kemasini ushlab qoldi. Bu haqda 30-aprel, payshanba kuni tashkilotning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berildi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, kemalar bilan aloqa uzilgan va ulardan birida SOS favqulodda signali berilgan. Ushlab olingan kemalarning bir qismi Isroilning Ashdod portiga tortib olib borilishi kutilmoqda.
Tashkilot bayonotida aytilishicha, hozirda Isroil mudofaa armiyasi G‘azo dengiz blokadasini saqlab turibdi. 26-aprel kuni Sitsiliya portidan o‘nlab kemalar faollar bilan birga jo‘nab ketgan va bu flotiliya tashkilot tomonidan anklavga yetib borishga uringan eng yirik flotiliya deb atalgan.
dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, missiya ishtirokchilari 2007-yilda Isroil tomonidan Misr ko‘magida joriy etilgan G‘azo dengiz blokadasini yana bir bor yorib o‘tishga va mintaqaga gumanitar yordam yetkazishga harakat qilmoqda. Global Sumud Flotillaning e’lon qilingan vazifalari orasida doimiy gumanitar koridor yaratishga ko‘maklashish ham bor.
Source: kun.uz