Chexiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — sanoat va savdo vaziri Karel Gavlichek X tarmog‘ida Chexiya tomonidan O‘zbekistonga poyezdlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tafsilotlariga oydinlik kiritdi.
“Bir necha daqiqa oldin O‘zbekiston prezidenti va Chexiya bosh vaziri ishtirokida EGAP (Chexiya Eksport-kafolat va sug‘urta kompaniyasi) hamda Yevropa investitsiya banki ko‘magida Škoda Group’ning ilk 10 ta elektropoyezdini yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muhim kelishuv imzolandi. Bu jarayonda ishtirok etgan barchaga minnatdorlik bildiraman”, — deb yozdi u.
2023-yilda O‘zbek-chex biznes-forumi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Škoda Group o‘rtasida 30 ta elektropoyezdni 320 million yevroga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi. O‘sha paytda Bosh vazir Abdulla Aripov mazkur kelishuvni O‘zbekiston temir yo‘llari uchun tub burilish deb baholagandi.
Past polli tarkiblarni qisman ishlab chiqarish 2024-yilda boshlanishi kutilgan edi. Biroq keyinchalik bu poyezdlarni yetkazib berish bo‘yicha yangiliklar paydo bo‘lmadi. Vaziyatdan xabardor manbalarga ko‘ra, shartnoma to‘xtatilgan.
2026-yil boshida Škoda kompaniyalar guruhi rahbari Pyotr Novotnы Chexiyaning Hospodářské Noviny nashriga bergan intervyusida mazkur vaziyatga izoh bergan edi.
“Yevropadan tashqarida kompaniya uchun hozirgi eng ustuvor bozor — O‘zbekiston hisoblanadi. […] Gap 30 ta poyezd buyurtmasi haqida ketmoqda, keyinchalik uni 100 tagacha kengaytirish imkoniyati bor. Škoda Group ikki yil avval O‘zbekistondagi tenderda g‘olib bo‘lgan edi, ammo o‘shanda eksport moliyalashtirish muammolari tufayli jarayon to‘xtab qolgan. Novotnыy ta’kidlashicha, bu masala Škoda tomonidan to‘liq puxta tayyorlanmagan. Biroq hozir Chexiya davlat sug‘urta kompaniyasi EGAP va Yevropa komissiyasining Global Gateway dasturi doirasidagi qo‘llab-quvvatlovi bilan kontraktni qo‘lga kiritish imkoniyatlari oshgan, chunki kompaniya Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha oladigan taklifni taqdim etgan”, — deyiladi yanvar oyidagi nashrda.
“Ikki yil davom etgan muzokaralardan so‘ng Chexiya ichidagi va Yevropa Ittifoqi tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlovni birlashtirib, O‘zbekiston hukumatiga kompleks taklif taqdim etish imkoni yaratildi. Shu sababli qaror qabul qilinishi juda real ko‘rinmoqda”, — degan o‘shanda Pyotr Novotnыy.
“Agar Škoda Group mamlakatda muvaffaqiyatga erishsa, u bu bilan to‘xtab qolmaydi va butun Markaziy Osiyo uchun xab yaratishni rejalashtirmoqda”, — deyiladi kompaniya rahbarining intervyusida.
2025-yil noyabrida Škoda Group O‘zbekiston bozoriga chiqish bo‘yicha strategik rejasini taqdim etgan. Unga ko‘ra, mamlakatda qo‘shma korxona tashkil etilib, u temir yo‘l vagonlarini mahalliy yig‘ish, texnik xizmat ko‘rsatish va harakat tarkibining butun hayotiy sikli davomida ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, O‘zbekistonda mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash uchun Škoda akademiyasini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz