3-4-may kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etadi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari yig‘ilishning ochilish marosimida nutq so‘zlaydi, shuningdek, xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Tadbirning asosiy mavzusi — “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish” deb belgilangan.
Forum global va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish ustuvorliklarini muhokama qilish uchun asosiy xalqaro maydonlardan biriga aylanishi kutilmoqda. Ishtirokchilar diqqat markazida “yashil” transformatsiya, energetik o‘tish, raqamlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligi, sanoat ta’minot zanjirlari barqarorligi kabi masalalar bo‘ladi.
3-6-may kunlari o‘tadigan sammitda 100 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari, OTB, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa institutlar rahbarlari hamda vakillari, shuningdek, 2000 ga yaqin xorijiy hukumatlar vakillari, yetakchi xorijiy kompaniya va banklar, transmilliy korporatsiyalar top menejerlari va nufuzli ekspertlar ishtirok etadi. Jami 4000 dan ziyod delegat kelishi kutilmoqda.
O‘zbekiston 1995-yildan buyon OTB a’zosi hisoblanadi va uning eng yirik sheriklari qatoriga kiradi: loyihalarning umumiy portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetgan. Mamlakat bankning yillik yig‘ilishiga ikkinchi bor mezbonlik qilmoqda. 2010-yilning 3-4-may kunlari Toshkent shahrida 43-yig‘ilish bo‘lib o‘tgandi.
Source: www.gazeta.uz