Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston hukumati umumiy qiymati 933 million dollarga teng bo‘lgan oltita chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqaruvchi zavod qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 30-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi. Loyihalar Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda chiqindilarni boshqarish sohasidagi ishlar tahlil qilindi. 2025-yilda sanitar tozalash xizmati qamrovi mahallalar kesimida 88 foizga yetgan bo‘lib, sohaga maxsus texnikalar, motorollerlar va konteynerlar yetkazib berildi. 132 ta poligon atrofi ko‘kalamzorlashtirildi, 47 ta poligon faoliyati to‘xtatildi. 2026-yilda qamrovni 90 foizga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, qo‘shimcha 300 ta maxsus texnika, 80 ta motoroller va 600 ta konteyner yetkazib beriladi.

Shuningdek, yana 18 ta poligonni rekultivatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Poligonlar sonini qisqartirish darajasini 32,6 foizga yetkazish, 2030-yilga borib esa 50 foizga kamaytirish maqsad qilingan. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini qurish orqali logistika xarajatlarini kamaytirish va saralash hajmini oshirish muhimligi ta’kidlandi. 2026-yilda 28 ta, 2030-yilgacha esa 70 ta qayta yuklash stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.

Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Shuhrat Haydar davlat rahbari xizmatlar sifatini oshirish zarurligini alohida ta’kidlaganini aytdi. “Agentlik tomonidan joriy yilda 28 ta qayta yuklash stansiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu sanitar tozalash korxonalari xarajatlarini qisqartirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini beradi”, — dedi u.

Maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalarining borishi to‘g‘risida axborot berildi. Zavodlar ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Agentlik direktori Sharifbek Hasanov qo‘shimcha beshta zavod qurish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

“Davlat rahbari beshta qiyin bo‘lgan hududlarda investorlarimiz bilan birgalikda 633 million dollarlik chiqindi yoqish zavodlarini qurish bo‘yicha topshiriq berdi”, — dedi Sharifbek Hasanov. Shuningdek, xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha MDH hududida ilk integratsiyalashgan platforma yaratish taklif qilindi. Navoiy viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha qiymati 260 million dollar bo‘lib, yiliga 330 ming tonna xavfli chiqindini qayta ishlash quvvati yaratiladi.

2024-yil oktabr oyida prezident Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlash loyihalarini “taqdiriy ahamiyatga ega masalalardan biri” deb atagan edi. Samarqandda Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilayotgan zavod 2027-yil boshida ishga tushirilishi kutilmoqda. Zavod kuniga 1,5 ming tonna chiqindini qayta ishlab, yiliga 240 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Ekofaollar bunday zavodlarni tanqid qilib, ko‘p miqdorda qazib olinuvchi yonilg‘i ishlatilishi va atmosferaga uglerod chiqindilari ajralib chiqishini ta’kidlaydi. Biroq, Chiqindilarni boshqarish agentligi vakili Bekzod Pashanov yongan chiqindilarning kuli qayta ishlanib, qurilish xomashyosi tayyorlanishini va tutun suv bilan bostirilishi tufayli tuproq zararlanmasligini kafolatlagan.

Samarqandda birinchi bo‘lib chiqindi yig‘ish uchun elektr va benzinli motorollerlar joriy etildi. Har bir mahallaga ikkitadan motoroller biriktirilgan bo‘lib, shaharga jami 70 ta olib kelingan. Ushbu tajriba 2030-yilgacha O‘zbekistonning barcha shahar hududlarida (jami 1860 ta mahallada) bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.

Source: www.gazeta.uz