Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimidagi Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi Rossiya bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘TY matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, korxona 2026-yil yakuniga qadar Rossiya Federatsiyasiga 42 ta yo‘lovchi-yuk (bagaj) vagonlarini yetkazib berishni mo‘ljallagan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu qadam “Made in Uzbekistan” brendining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda temir yo‘l transportini modernizatsiya qilish doirasida zavodda zamonaviy vagonlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 2024-yildan boshlab “Yangi O‘zbekiston” turkumidagi vagonlar ishlab chiqarilmoqda. Ular nafaqat dizayni, balki texnologik yechimlari bilan ham ajralib turadi.

Zavod turli segmentlar uchun vagonlar ishlab chiqarmoqda. Yangi avlod vagonlarida yo‘lovchilar uchun qator qulayliklar joriy etilgan. Ular orasida alohida havo haroratini boshqarish tizimi, USB portlar, zamonaviy yoritish, videokuzatuv, ekologik toza hojatxonalar, shuningdek, mobil qurilmalarni quvvatlash imkoniyatlari bor.

25-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi taqdimotda temir yo‘l transporti sohasini modernizatsiya qilish bo‘yicha 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan 150 million dollarlik bosqichda yuk va yo‘lovchi vagonlarini qurish, shu bilan birga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidagi vagon ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilayotgani qayd etilgan edi. Shuningdek, loyiha doirasida 954 dona yuk va 70 dona yo‘lovchi vagonining qurilishi boshlangani ma’lum qilingan edi.

O‘TY xabarida ta’kidlanishicha, rejalashtirilgan 70 ta vagondan 55 tasi allaqachon foydalanishga topshirilgan, qolgan 15 tasini 2026-yilning ikkinchi choragi yakuniga qadar tayyorlash rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, mahalliy mutaxassislar tomonidan EP3D rusumli yangi elektropoyezd vagonlari ham muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.

Source: www.gazeta.uz