Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

5-may kuni soat 7:00 da Toshkent Markaziy (Shimoliy) vokzalidan Xivaga Janubiy Koreyaning yangi Hyundai Rotem yuqori tezlikdagi poyezdi ilk reysiga chiqdi. “Jaloliddin Manguberdi” deb nomlangan elektropoyezd 1022 km masofani 7,5 soatda bosib o‘tadi, avvalgi 14 soatlik vaqtni ikki barobarga qisqartirdi.

Poyezd Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarida to‘xtab, ayrim uchastkalarda 250 km/soat tezlikka erishadi. 7 vagondan iborat tarkib 175 metr uzunlikda bo‘lib, 389 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi, shundan 50 dan ortig‘i VIP vagonda joylashgan. Markaziy qismda vagon-bistro mavjud.

Poyezd Janubiy Koreyaning Masan portidan dengiz orqali Xitoyga, so‘ngra temiryo‘l orqali O‘zbekistonga keltirilgan. U muddatidan oldin – 17 oy ichida qurib bitkazilgan va 2023-yil dekabrda “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga topshirilgan. Jami oltita shunday poyezd yetkazib beriladi, qolgan beshtasi 2027-yil yakuniga qadar kelishi kutilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov loyiha dastlab ishonchsizlik bilan qabul qilinganini, ammo bugun O‘zbekiston MDH va Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Hyundai Rotem poyezdlaridan foydalanayotganini ta’kidladi. Koreya elchisi Von Do Yon bu kunni tarixiy deb atab, ikki davlat o‘rtasidagi yaqin aloqalarga urg‘u berdi.

Yangi poyezd O‘zbekiston iqlimiga moslashtirilgan: +50°C dan -40°C gacha, qum va qor bo‘ronlarida harakatlana oladi. O‘rindiqlar ikki tomonga buriladi, vagonlarda yuk joylari, hojatxonalar, ona-bola xonasi, videokuzatuv, ekranlar, 220V rozetkalar va USB portlar mavjud.

Hyundai Rotem vakili Li Von Sang poyezd 600 dan ortiq kompaniya ishtirokidagi loyiha mahsuli ekanini aytib, Toshkent-Xiva yo‘nalishini “Yevroosiyoni birlashtirishdagi muhim qadam” deb baholadi. 2027-yilda Miskin-Nukus uchastkasi elektrlashtirilgach, Toshkent va Nukus o‘rtasida ham yuqori tezlikdagi harakat yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz