Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudida 2024-yilda 154 tup qimmatbaho turung‘ul daraxti noqonuniy kesilishi yuzasidan hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi.
Ma’lum qilinishicha, holat 2024-yilda o‘tkazilgan nazorat reydlari davomida aniqlangan. Unda Olot tumanidagi Jondor kanali hududida qazish ishlarini olib borish jarayonida yuridik shaxs rahbari tomonidan 154 tup turung‘ul daraxti kesilgani qayd etilgan.
O‘rganishlar natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 1 mlrd 302 mln so‘m etib baholangan. Shundan so‘ng holat yuzasidan sud ishlari olib borilib, Ekologiya boshqarmasi tomonidan Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan.
Sud tomonidan da’vo to‘liq qanoatlantirilib, chiqarilgan hal qiluv qaroriga ko‘ra mazkur mablag‘ni javobgar yuridik shaxsdan undirish belgilandi.
Qayd etilishicha, hududlarda ekologik nazorat reydlari davom ettirilmoqda. Avvalroq Buxoro shahrida sobiq Telefon-telegraf binosi hududida 12 tup archa noqonuniy kesilgani aniqlangan edi. Huquqbuzarga 10,3 mln so‘m jarima qo‘llandi, tabiatga yetkazilgan zarar 95,6 mln so‘mni tashkil etdi.
Ma’lumot uchun, huquqbuzarlik natijasida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-noyabrdagi 464-son qarori asosida hisoblanadi. Hujjatga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan qimmatbaho daraxt va butalarni kesishga nisbatan moratoriy amal qilgan davrda yetkazilgan zarar miqdori ikki baravarga oshirilgan holda hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2022-yildan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda daraxt va butalarni noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2328 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Eng ko‘p holat Toshkent shahri, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘istonda qayd etilgan. Ushbu huquqbuzarliklar oqibatida 13,3 mlrd so‘m miqdorda tabiatga zarar yetkazilgan.
Source: www.gazeta.uz