Logistika yo‘nalishlarining nizolar va chegaralar yopilishi sababli o‘zgarishi O‘zbekiston uchun tashish narxiga ta’sir qilib ulgurdi. Bu haqda Samarqanddagi Oziyo taraqqiyot banki (OTB) yig‘ilishi doirasida investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shoxrux Gulamov ma’lum qildi.
OTB yig‘ilishidagi nutqi davomida Shavkat Mirziyoyev dunyodagi nizolar va qarama-qarshiliklar oqibatida logistika yo‘laklarining o‘zgarishi Markaziy Osiyo davlatlari uchun transport xarajatlarining 30 foizgacha oshishiga olib kelayotganini, yetkazib berish muddatlari esa bir necha haftaga uzayayotganini ta’kidladi.
Shoxrux Gulamovning so‘zlariga ko‘ra, transport xarajatlari oshishi masalasi hozirda hukumat kun tartibida turibdi. “Bu masala chindan ham juda dolzarb. Albatta, hukumat sifatida biz narxlarning oshishi haqida o‘ylashimiz kerak va bunga majburmiz, chunki bu hamma narsaga ta’sir qiladi”, — dedi u.
Vazir o‘rinbosari xarajatlarning 30 foizga oshishi bo‘yicha baholash aniq hisob-kitoblar va yo‘nalishlarga bog‘liqligini, biroq masalaga kompleks yondashish zarurligini ta’kidladi. “Bu jarayonlarga, narxlarning oshishiga qaysi tashqi omillar ta’sir qilmoqda? Siz ularni o‘zingiz aytib o‘tdingiz. Bu hozirda Yaqin Sharqda, Eronda sodir bo‘layotgan mojarolardir. Bu Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegaralarning yopilishidir”, — dedi Gulamov.
U ushbu koridorlar O‘zbekiston uchun saqlanib qolayotganini, biroq ulardan foydalanish qiyinlashganini qayd etdi. “Bu koridorlar bizda bor, ular hech qayerga yo‘qolmagan. Lekin bugungi kunda muayyan holatlar tufayli qiyinchiliklar va to‘siqlar mavjud. Hurmuz bo‘g‘ozida hozir sodir bo‘layotgan voqealarni inobatga olsak, barcha ushbu oqimlar — yuk oqimlari, transport oqimlarining boshqa yo‘nalishlarga o‘tishi va transformatsiyasi kuzatilmoqda”, — deb ta’kidladi vazir o‘rinbosari.
Gulamov eng sezilarli tovarlar sifatida oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan, go‘shtni tilga oldi. “Go‘sht — hukumat juda katta e’tibor qaratayotgan eng nozik pozitsiya”, — deb ta’kidladi u. Yetkazib berish tannarxini pasaytirish maqsadida mol va qo‘y go‘shti import qiluvchilarga aviatashinuv xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
Gulamov hozirda foydalanilayotgan yoki ko‘rib chiqilayotgan asosiy muqobil yo‘nalishlarni sanab o‘tdi. Birinchisi g‘arbiy yo‘nalish yoki Markaziy koridor bo‘lib, u Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali, shuningdek, Turkmanistondan Ozarbayjonga o‘tadi. Ikkinchi muqobil yo‘nalish esa Xitoy orqali bo‘ladi. Uchinchi yo‘nalish Rossiyaning Naxodka shahri orqali o‘tadi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov avvalroq O‘zbekistonning tashqi tashuvlari to‘qqizta xalqaro yo‘lak orqali amalga oshirilishini ma’lum qilgandi. Eng asosiylaridan biri — Eron dengiz portlari orqali o‘tuvchi janubiy yo‘lak. Eron yo‘nalishida qiyinchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, hukumat yuklarni Pokiston dengiz portlari, Markaziy yo‘lak, shuningdek, Gruziya, Rossiya va Qozog‘iston orqali o‘tuvchi yo‘nalishlarga qayta yo‘naltirishni ko‘rib chiqqan edi.
Source: www.gazeta.uz