Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev 5-may kuni Samarqandda OTB yig‘ilishida Toshkent-Samarqand yo‘nalishida yangi tezyurar temiryo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asosi (TIA) tayyorlanganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 28-aprel kuni Janubiy Koreyaning Saman Engineering kompaniyasi tomonidan tayyorlangan TIAning so‘nggi versiyasi taqdim etilgan. Biroq, Moliya vazirligi bilan birgalikda ba’zi ishlarni qayta ko‘rib chiqish zarurati bor.
“Texnik jihatdan tushunarli, lekin uni investorlar uchun jozibador qilish, ularni jalb etish uchun loyihadagi jozibador jihatlarni ajratib ko‘rsatishimiz kerak. Qaysi uchastkalarda, qaysi obyektlar va infratuzilmada investorlarni jalb qilish mumkinligini aniq belgilashimiz lozim”, dedi Choriyev.
Transport vazirligi hozirda Jahon banki bilan loyihaga qisqacha sharh berish va uni validatsiya qilish uchun maslahatchi jalb etish imkoniyatini muhokama qilmoqda. “Hozir Jahon banki bilan gaplashyapmiz, ehtimol, maslahatchi jalb qilib, qisqa revyu va validatsiya o‘tkazamiz. Shundan keyin tender jarayoniga o‘tamiz”, dedi u.
Qurilish ishlari joriy yilda boshlanishi haqidagi savolga vazir o‘rinbosari buni amalga oshirish qiyinligini bildirdi. “Bu juda qiyin, chunki TIAni rekord darajada qisqa muddatda tayyorladik. Bu juda murakkab loyiha”, dedi Choriyev.
Loyiha doirasida Toshkentning yangi xalqaro aeroporti va Samarqandning markaziy qismini bog‘lovchi tezyurar temiryo‘l qurilishi ko‘zda tutilgan. O‘tgan yil sentabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalish bo‘ylab yangi temiryo‘l liniyasi qurilishini e’lon qilgandi.
TIA Koreya kompaniyalari konsorsiumi (Saman Engineering, Dong Myeong Engineering Consultants & Architecture Co., Korea Railroad Corporation va Korea National Railway) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, loyiha Koreyaning Eksimbanki granti hisobidan moliyalashtiriladi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov iyul oyida tender hujjatlarini tayyorlash 2026-yil yanvarida boshlanishini ma’lum qilgandi.
Source: www.gazeta.uz