AQSh harbiylari Hormuz bo‘g‘ozida tijorat kemalarini Eron hujumlaridan himoya qilish niyatida ekanligini yana bir bor ta’kidladi. Biroq, AQSh rasmiylari sulh hali ham amalda ekanligini eslatib o‘tdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Armaniston poytaxti Yerevanda jurnalistlarga bergan bayonotida, Eron prezidenti Masud Pezeshkiyon bilan Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish masalasini muhokama qilishini aytdi. Makron “dengiz erkinligini tiklash” zarurligini ta’kidlab, “yagona mumkin bo‘lgan variant – Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va hech qanday to‘lovlar yoki majburlov choralarining yo‘qligi” ekanini bildirdi.
Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) mudofaa vazirligi Eron raketa va dronlariga qarshi havo hujumidan mudofaa tizimlari “faol ishlamoqda”ligini ma’lum qildi. BAA neft inshootlariga hujumlar sodir etilganini xabar qildi.
AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset matbuot anjumanida Eron bilan sulh hali ham amalda ekanligini, ammo AQSh “urush izlamayotgan” bo‘lsa-da, Eronga “xalqaro suv yo‘lini” to‘sib qo‘yishga ruxsat berilmasligini aytdi. Agar Eron AQSh qo‘shinlari yoki tinch tijorat kemalariga hujum qilsa, “kuchli va halokatli” javob qaytarilishi haqida ogohlantirdi.
Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn sulh davomida Eron to‘qqiz marta tijorat kemalariga o‘q uzgani va ikkita konteyner kemasini qo‘lga olganini, ammo bu hujumlar “katta jangovar harakatlarni qayta boshlash chegarasidan past” ekanini aytdi. Shu bilan birga, AQSh kuchlari zarurat tug‘ilganda Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi muzokaralar uchun Xitoyga jo‘nab ketdi. Uning Pekindagi uchrashuvi AQSh bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qolgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Xitoy Eron neft va gazining asosiy xaridori hisoblanadi.
Eron parlament spikeri va bosh muzokarachi Muhammad Bag‘ir Qolibof AQShni Hormuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni xavf ostiga qo‘yishda ayblab, uning mamlakati “hali boshlaganicha yo‘q”ligi haqida ogohlantirdi. U “Project Freedom – Project Deadlock” deb atagan AQSh tashabbusini tanqid qildi.
Pokiston BAAga qilingan hujumlarni qattiq qoralab, sulhga rioya qilishga chaqirdi. Hindiston BAAdagi neft inshootiga qilingan hujumda uch nafar hind fuqarosi yaralanganini “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atadi va zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Janubiy Koreya AQShning “Project Freedom” tashabbusida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, Janubiy Koreya yuk kemasida portlash va yong‘in sodir bo‘lgan, ammo barcha 24 ekipaj a’zosi sog‘-omon ekani ma’lum qilindi.
Eronning Dayyer portida bir nechta tijorat kemalari yonib ketgani haqida xabarlar kelib tushdi. Yong‘in sababi hozircha noma’lum.
Yevropa yetakchilari Eronning BAAga qilgan raketa va dron hujumlarini qoraladi. Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen hujumlarni “vahshiy” va xalqaro huquqni buzish deb atadi. Germaniya kansleri Fridrix Merts ham hujumni qoraladi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa hujumni kamaytirib ko‘rsatishga harakat qildi.
Source: www.dw.com