Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, ularni bayram bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Qurolli Kuchlar bosh harbiy klinik gospitalida Akmal Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan suhbatlashdi. Ular bilan hol-ahvol va salomatlik haqida qiziqib, hayot yo‘li va jasoratlarini e’tirof etdi.
“Sizlar tarixning jonli guvohi, matonat timsolisizlar. Sizdek tabarruk insonlar bilan uchrashish, o‘gitlaringizni tinglash bizga katta ma’naviy kuch bag‘ishlaydi. Xalqimiz sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi”, — dedi prezident.
Prezidentning 16-apreldagi qaroriga muvofiq, urush va mehnat faxriylariga ehtirom ko‘rsatilmoqda. Ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, salomatliklarini tiklash uchun sanatoriylarga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilgan.
“Yaratgan sizlarga vatanparvarlik va fidokorona mehnatingiz mukofoti sifatida uzoq umr, el-yurt ardog‘ida yashash baxtini ato etgan. Sizlarning duolaringiz yurtimiz uchun omonlik, ishlarimizga barakadir”, — dedi prezident.
Uchrashuvda nuroniylar tarixiy xotirani tiklash, keksalarni e’zozlash borasidagi islohotlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etdi. “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi va “Millat fidoyilari” xiyobonida ham bo‘ldi.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada hozirda jami 60 nafar urush qatnashchisi va ularga tenglashtirilgan faxriy istiqomat qiladi. Ularning eng ko‘pi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ularning har biriga 30 mln so‘mdan bir martalik mukofot puli berilishi xabar qilingan.
Source: www.gazeta.uz