2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatayotgan xorijiy IT-gigantlar davlat byudjetiga 65,7 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 81,4% ko‘p, deya xabar beradi Soliq qo‘mitasi.
Ko‘rsatilgan raqamli xizmatlarning umumiy hajmi 552 mlrd so‘mdan oshgan, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 80% o‘sishni anglatadi. 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 89 ta xorijiy kompaniya elektron shaklda xizmat ko‘rsatmoqda. Yil boshidan buyon QQS to‘lovchilarning maxsus reyestriga 11 ta yangi ishtirokchi qo‘shilgan.
Eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniya Apple bo‘ldi: 16,1 mlrd so‘m, bu o‘tgan yilga nisbatan 51,8% ko‘p. Uning daromadi 134,8 mlrd so‘mni tashkil etdi. Ikkinchi o‘rinda Google – 14,9 mlrd so‘m soliq (+67,4%) va 123,7 mlrd so‘m daromad. Uchlikni Meta yakunladi: 13,9 mlrd so‘m soliq (+32,3%) va 117,1 mlrd so‘m daromad.
Kuchli o‘nlikka yana Valve Corp. (8 mlrd so‘m soliq), OpenAI (2,5 mlrd so‘m), Anthropic (1,5 mlrd so‘m), Midasbuy (1,3 mlrd so‘m), TikTok (868,3 mln so‘m), Booking.com (694,7 mln so‘m) va Netflix (570,4 mln so‘m) kirdi.
Reytingda o‘tgan yilga nisbatan sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi: Google Metani ortda qoldirdi, Valve Corp. OpenAI’dan yuqoriga ko‘tarildi. TikTok beshinchi o‘rindan sakkizinchi, Booking.com oltinchi o‘rindan to‘qqizinchi, Netflix yettinchi o‘rindan o‘ninchi o‘ringa tushdi. Yangi ishtirokchilar – Valve Corp., Anthropic va Midasbuy – ro‘yxatga qo‘shildi, Zoom, Xsolla va ACCA esa chiqib ketdi.
2025-yil yakuniga ko‘ra, xorijiy internet-kompaniyalar O‘zbekiston byudjetiga 181,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p. Elektron xizmatlarning umumiy hajmi 1,48 trln so‘mga yetib, 47,7% o‘sgan.
Source: kun.uz