10 may kuni ertalab Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi Erta shsay qishlog‘ida kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli mahalliy aholi va dam olish uchun kelganlar soyning narigi tomonida qamalib qoldi.
Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, 100 dan ortiq odam va 20 dan ziyod avtomobil soy kesib o‘ta olmay, qishloqda qolib ketgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tog‘ etaklarida to‘plangan yomg‘ir suvlari Erta shsay orqali o‘tgan. Kuchli suv oqimi tufayli dam oluvchilarning soy bo‘ylab harakatlanishi uchun mahalliy aholi tomonidan qurilgan vaqtinchalik osma ko‘prik- o‘tish joyi shikastlangan.
Hodisa joyiga FVV, IIB, mahalliy hokimiyat va boshqa tezkor xizmatlar xodimlari tezda yetib kelgan, vaziyat nazoratga olingan va dam oluvchilar xavfsiz hududga ko‘chirilgan. Hodisa natijasida jabrlanganlar qayd etilmagan.
Erta shsay qishlog‘i — poytaxt mintaqasini Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi Kamchik dovoni yonbag‘rida joylashgan turistik hududdir.
Source: kun.uz