Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Buxoro viloyati YHXB xabariga ko‘ra, 28-aprel kuni Romitan tumanida YPX xodimlari tomonidan yo‘lovchi tashuvchi Isuzu avtobusi to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida haydovchining mast holatda ekani va salonda 40 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgani aniqlangan.

Shuningdek, huquqbuzar ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan. Sud majlisida haydovchi o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.

Sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi 1-qismi (Mast holda boshqarish), 194-moddasi 1-qismi (Qonuniy talabni bajarmaslik) va 128−8-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topdi.

Qarorga ko‘ra, haydovchi 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. Shuningdek, unga BHMning 40 baravari — 16 mln 480 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

YHXB ota-onalarni hushyorlikka chaqirib, bolalar xavfsizligiga befarq bo‘lmaslikni so‘radi. Avvalroq Navoiyning Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchragandi. Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etdi, bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Shundan so‘ng YHXX 1−8-may kunlari bolalarni transportda me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq 125 ta holatni aniqlagandi. Idora axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevga ko‘ra, ayrim holatlarda Damas’larda 25−28 nafargacha, Spark avtomobillarida esa 18 nafargacha bola tashilgan.

Xususan, Andijonning Izboskan tumanida 58 nafar bog‘cha bolasini mikroavtobusda olib ketayotgan haydovchi to‘xtatib qolindi. Holat bo‘yicha haydovchiga jarima qo‘llanilib, ta’lim muassasasi rahbariyati bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Source: www.gazeta.uz