Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Navoiy viloyati Zarafshan shahrida 54 yoshli ayol tomonidan uyushtirilgan buyurtma qotillik huquq-tartibot idoralari tomonidan oldi olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

IIB ma'lumotlariga ko'ra, yosh oiladagi kelishmovchiliklar kelinning xolasining g'azabiga sabab bo'lgan. Avvaliga u kuyovni «tushuntirishni» xohlagan, keyin esa uni o'ldirishga qaror qilgan. Buning uchun u 1992 va 1994 yillarda tug'ilgan ikki tanish erkakni 40 million so'm evaziga yollagan.

Navoiy viloyati IIB xodimlari suiqasdni sahnalashtirib, videoni yozib olib, ayolga ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborishgan. Ayol videoni mamnuniyat bilan qabul qilib, kelishilgan 40 million so'mdan 2 million 300 ming so'mni yollangan shaxslarning kartalariga o'tkazgan.

Navoiy viloyati IIB, Zarafshan shahar IIB va Navoiy viloyati Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ayol jinoyat ustida ushlangan.

Ushbu fakt bo'yicha Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi (Qasddan og'ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqand viloyatida buyurtma qotillikning oldi olingani haqida xabar bergan edik. May oyi boshida Toshkentda bir erkak o'z xotinini o'ldirish uchun 10 ming dollarga qotil yollagani ma'lum bo'lgan edi.

Source: kun.uz