Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 10 may kuni kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida shaharning 8 ta tumanidagi 23 ta manzildan suv bosilgani haqida murojaatlar kelib tushgan.
Tumanlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Mirzo Ulug‘bek tumanida (6 ta), Shayxontohur tumanida (4 ta) va Yashnobod tumanida (3 ta) qayd etilgan. Shuningdek, Mirobod tumanida 3 ta, Olmazor, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida 2 tadan, Yakkasaroy tumanida esa 1 ta murojaat bo‘lgan.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, 10 may kuni yog‘in miqdori 35 mm ni tashkil etgan. Ushbu hajmning katta qismi ikki soatdan kam vaqt ichida yog‘gan bo‘lib, bu o‘rtacha oylik me’yorning yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.
Toshkentdagi mavjud yomg‘ir suvini chiqarish tizimi kuniga 20 mm yog‘inni qabul qilishga mo‘ljallangan. Bosh rejaga muvofiq, tizimning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini bosqichma-bosqich kuniga 36 mm ga oshirish ko‘zda tutilgan.
Eng kuchli yomg‘ir vaqtida shahar suv chiqarish infratuzilmasi keskin qisqa muddatli yuklamaga duch kelgan, bu esa istiqboldagi hisobiy parametrlarga yaqin bo‘lgan. Ayrim nuqtalarda suv hajmi mavjud irrigatsiya tarmoqlari va quvurlarning o‘tkazuvchanligidan bir zumda oshib ketgan.
Bundan tashqari, ayrim joylarda vaziyatni mahalliy omillar: suv chiqarish elementlarining axlat bilan ifloslanishi, o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar, ariq va irrigatsiya tizimlarining to‘xtash joylari yoki boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun yopib qo‘yilishi yanada og‘irlashtirgan.
Oqibatlarni tezda bartaraf etish uchun favqulodda vaziyatlar, drenaj-kollektor tizimlari, kanallar, kommunal xizmatlar va boshqa profil tashkilotlarining mutaxassislari va brigadalari jalb qilingan. Joylarda 60 dan ortiq maxsus texnika ishlagan. Ko‘rilgan choralar natijasida suv to‘planishi oqibatlari bir soat ichida to‘liq bartaraf etilgan.
Har bir manzil bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan vaziyat o‘rganilib, zarur choralar belgilangan. Jumladan, 5 ta manzilda irrigatsiya tizimi qurish, bir uchastkani loyihachilar bilan qayta o‘rganish, 3 ta qo‘shimcha dyuker o‘rnatish, bir ob’ektda diametri 800 mm va boshqa uchastkalarda 500 mm quvurlar o‘rnatish, qo‘shimcha nasos agregatlari va suv chiqarish quvvatini oshirish, 6 ta qo‘shimcha suv qabul qilish panjaralari o‘rnatish va ayrim uchastkalarning o‘tkazuvchanligini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Source: kun.uz