10-may kuni kechqurun Toshkentda kuchli va davomli yog‘ingarchilik natijasida shaharning turli tumanlarida jiddiy suv toshqinlari yuz berdi. Ko‘plab ko‘chalar, chorrahalar, yerosti o‘tish yo‘llari, tunnellar, turar-joy va ofislarning hovli hamda yerto‘lalari suvga to‘ldi.
Poytaxt hokimligi matbuot xizmati O‘zgidromet ma’lumotlariga tayanib, ayrim tumanlarda yog‘ingarchilik miqdori 35 mm gacha yetganini ma’lum qildi. Bu hajmning katta qismi ikki soatdan kamroq vaqt ichida yog‘ib o‘tgan. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 10-may soat 8:00 dan 11-may soat 8:00 gacha bo‘lgan bir sutka davomida yog‘ingarchilikning o‘rtacha miqdori 24 mm ni tashkil etgan, bu Toshkent shahri uchun may oyidagi o‘rtacha oylik me’yorning (44,1 mm) yarmidan ko‘pdir.
Shahardagi mavjud yomg‘ir suvlarini chiqarib yuborish tizimi sutkasiga 20 mm gacha bo‘lgan yog‘ingarchilikni qabul qilishga mo‘ljallangan. Hokimlik tizimning o‘tkazuvchanlik quvvatini bosqichma-bosqich sutkasiga 36 mm gacha oshirishni ko‘zda tutuvchi master planni ishlab chiqqan. Eng kuchli yomg‘ir paytida shahar suv oqizish infratuzilmasi rejada nazarda tutilgan istiqboldagi parametrlarga yaqin bo‘lgan keskin va qisqa muddatli yuklamaga duch kelgan.
Ayrim joylarda vaziyatni mahalliy omillar: suv chiqarish tizimlarining chiqindilar bilan to‘silib qolgani, o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar, ariq va irrigatsiya tizimlarining to‘sib qo‘yilishi yoki ulardan avtoturargoh hamda boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun foydalanilishi yanada og‘irlashtirgan. Shahar ma’muriyati har bir bunday holat arzimasdek tuyulishi mumkin, ammo shahar miqyosida bu kabi aralashuvlar butun suv oqizish tizimining faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Oqibatlarni bartaraf etish uchun favqulodda vaziyatlar, drenaj-kollektor tizimlari, kanallar, kommunal xizmatlar va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarning mutaxassislari hamda brigadalari jalb etildi. Joylarda 60 dan ortiq maxsus texnika ishladi. Ko‘rilgan choralar natijasida suv toshqini oqibatlari bir soat ichida bartaraf etildi.
Hokimlikka 8 ta tumandagi 23 ta manzildan suv toshqini bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. Har bir manzil bo‘yicha ishchi guruhlar vaziyatni dastlabki o‘rganishdan o‘tkazib, zarur chora-tadbirlarni belgilab oldi. Xususan, tizimning ayrim qismlari o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish, 5 ta manzilda irrigatsiya tizimini qurish, bitta obyektda 800 mm va qator boshqa uchastkalarda 500 mm diametrli qo‘shimcha dyukerlar va quvurlar o‘rnatish, qo‘shimcha nasos agregatlari hamda suv qabul qiluvchi panjaralarni montaj qilish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zgidromet tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan sutka davomida kuchli yog‘ingarchilik Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida (Chimyonda — 32 mm), Jizzax (Jizzaxda — 26 mm) va Samarqand viloyatlarida (Samarqandda — 22,4 mm) ham kuzatilgan.
Source: www.gazeta.uz