Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Surxondaryo viloyati Denov tumanida kurash musobaqalari chog‘ida shafqatsiz qotillik sodir bo‘ldi. Mintaqaning taniqli pahlavonlaridan biri — Nizomiddin Chutboyev halok bo‘ldi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, voqea 9 may kuni soat 14:30 da Denovdagi tibbiyot texnikumi stadionida bo‘lib o‘tgan ommaviy milliy kurash tadbirida yuz berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, musobaqaning bir doirasida Nizomiddin Chutboyevning o‘g‘li — Ayubxon Xurramov raqibi Bustenbek Jabborovni mag‘lub etgan. Mag‘lubiyatdan g‘azablangan Doston Jabborov (raiqibning ukasi) Nizomiddin Chutboyevga orqa tomondan yaqinlashib, bir necha marta pichoq urgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov Kun.uz’ga og‘ir yaralangan Nizomiddin Chutboyev shoshilinch ravishda tuman tibbiyot birlashmasiga yetkazilgani, ammo reanimatsiyada ko‘rsatilgan yordamga qaramay vafot etganini tasdiqladi.

Sud-tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumga to‘rtta og‘ir pichoq jarohati yetkazilgan.

Shu kuni Denov tuman prokuraturasi Doston Jabborovga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «l» bandi (Bezorilik sababidan qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘adi. Gumonlanuvchi JPKning 221-moddasi tartibida hibsga olingan. Hozirda tuman prokuraturasi dastlabki tergov harakatlarini olib bormoqda.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Doston Jabborov ilgari sudlangan va tumanda tajovuzkorligi bilan tanilgan.

Avvalroq, 27 aprel kuni Denovda «Shakki» laqabli erkak sheriklari bilan kunduzi ko‘chada bir yigitni kaltaklab o‘ldirgan, ushbu fakt bo‘yicha to‘rt kishi hibsga olingan edi.

Source: kun.uz