Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston may oyining ikkinchi haftasi boshlarida Qozog‘istondan o‘tayotgan antitsiklon janubiy chekkasi ta’sirida qoladi. Ushbu antitsiklon markazida atmosfera bosimi 1030 gPagacha ko‘tariladi va ayni davr uchun kunduzlari mo‘tadil, tun va tongda esa sovuq havo olib keladi.

Hafta o‘rtalariga borib antitsiklon hududdan butunlay chekinadi va uning o‘rniga Turkmanistondan past bosimli issiq ob-havo sharoiti kirib keladi. Dam olish kunlariga kelib, cho‘l hududlarida harorat +40 darajagacha ko‘tariladi. Hafta deyarli quruq o‘tadi, harorat asta-sekin ko‘tariladi.

“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba va seshanba kunlari vodiy viloyatlari va tog‘larda qisqa muddatli yog‘inlar bo‘lishi mumkin. Qolgan kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Hafta boshlarida kunduzi +25…+30 daraja, chorshanba-payshanbadan +30…+35 daraja, payshanbadan Buxoro va Navoiyda +38, jumadan janubda +38, yakshanba kuni esa +40 darajagacha issiq bo‘ladi.

Tungi harorat hafta boshlarida +10 daraja, tog‘larda +5 darajagacha pasayadi. Hafta oxiriga kelib, ko‘plab viloyatlarda tungi harorat +20 darajagacha ko‘tariladi.

13-14 may kunlari cho‘l hududlarida kuchli shamol va chang to‘zonlari bo‘lishi mumkin. Bu paytda havoning ifloslanishi kuzatilishi ehtimoli bor. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholiga maxsus tavsiyalar tayyorlagan.

Hafta boshlarida antitsiklon ta’sirida ob-havo qulay bo‘ladi, kechki va tonggi soatlarda salqinlik his etiladi. Dam olish kunlariga kelib, yana dim va issiq havo qaytadi. Tog‘larda yog‘in kutilmaydi, sayohat uchun ish kunlari tavsiya etiladi.

Quyosh faolligi: so‘nggi kunlarda Quyoshda X sinfiga yaqin kuchli chaqnashlar kuzatilmoqda, ammo plazmalar Yerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelmaydi. Shunga qaramay, geomagnit qo‘zg‘alishlar bo‘lishi mumkin. Rossiya Quyosh astronomiya laboratoriyasi hafta boshlari uchun “yashil” xavf darajasidagi magnit bo‘ronini prognoz qilmoqda.

Magnit bo‘ronlariga sezgir odamlarga ikki kunlik prognozlarga tayanib reja tuzish tavsiya etiladi. Umuman, 11-17 may kunlari iqlimiy va kosmik muhit salomatlik uchun nisbatan xavfsiz hisoblanadi.

Source: www.gazeta.uz