Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Navoiy viloyati Zarafshon shahrida 54 yoshli ayol oilaviy kelishmovchiliklar sabab kuyovining hayotiga suiqasd uyushtirishga urinishda gumonlanmoqda. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayol jiyanining “baxtsizligini qabul qila olmay adolatni boshqacharoq yo‘l bilan qaror toptirish” maqsadida kuyovining “aqlini kiritib qo‘ymoqchi” bo‘lgan. U buning uchun o‘ziga tanish bo‘lgan 1992 va 1994-yillarda tug‘ilgan ikki shaxsni yollagan va ularga kuyovini ayovsiz kaltaklash vazifasini yuklagan.

“Aytdim-ku kecha, qanaqadir bo‘lsin, o‘lsa, uydagilari qo‘ymaydi, meni ham, sizni ham topishadi. Miyasi ruhiy xasta bo‘lib qolsin, tushundingizmi? Kim urdi, nima bo‘ldi, aytib berolmasin, tushundingizmi? Kar qilib tashlashsin, sochlarini yulsin, jigaridan tepsin, keyinchalik o‘lsin. Xotiningni u-bu qilibsan, deyilmasin. Biz haqimizda gapirilmasin, iltimos sizdan. Videosini yuborasizmi keyin?”, — degan gumonlanuvchi suhbatda.

Viloyat IIB xodimlari suiqasd sahnasini tashkil etib, uning video tasvirlarini ayolga yuborgan. Gumonlanuvchi videolarni “xursandchilik bilan” qabul qilib, suiqasd buyurtmasi uchun kelishilgan 40 mln so‘m miqdoridagi mablag‘ning 2 mln 300 ming so‘mini yollangan shaxslarning plastik kartasiga o‘tkazib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda shar’iy nikohidagi ikkinchi ayolini o‘ldirish uchun qotil yollagan shaxs qo‘lga olingandi. U buning uchun 10 ming dollar va’da qilib, 2 ming dollarini oldindan bergan. IIO ayolning o‘limini sahnalashtirish orqali gumonlanuvchini voqea paytida ushladi. Hozirda unga jinoyat ishi ochilib, qamoqqa olingan.

Source: www.gazeta.uz