Surxondaryo viloyati sudining sudya katta yordamchisi jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchilarga yengilroq jazo tayinlatish va qamoq ehtiyot chorasini bekor qildirishni va’da qilib, 53 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, u xizmat mavqeidan foydalangan holda Jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudi ish yurituvida bo‘lgan ish doirasida ikki nafar sudlanuvchiga nisbatan aniqlangan 6,3 mlrd so‘mlik zarar miqdorini qayta baholatish orqali kamaytirishni va’da bergan.
Shuningdek, u sudlanuvchilarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatish va dastlabki tergov davrida qo‘llangan “qamoq” ehtiyot chorasini bekor qildirishni aytgan.
DXXga ko‘ra, sudlanuvchilarning qarindoshidan 53 ming dollar olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga DXX va prokuratura organlari xodimlari tomonidan chek qo‘yilgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28, 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlari haqida idoraning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Unda murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanishi aytilgan.
Avvalroq Toshkent viloyatida advokat fuqaroga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini ozodlikni cheklashga o‘zgartirib berishni va’da qilib, 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan edi.
Source: www.gazeta.uz