Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda 9-avgustdan boshlab tijorat banklari uchun ichki nazorat qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kiradi. Adliya vazirligi 8-may kuni Markaziy bank boshqaruvi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tegishli qarorini ro‘yxatdan o‘tkazdi.

O‘zgarishlar qatorida naqd chet el valyutasini mijozni majburiy tekshiruvdan o‘tkazmasdan sotib olish limiti 100 dollardan 500 dollargacha oshirildi. Shu bilan birga, bank hisobvarag‘ini ochmasdan amalga oshiriladigan operatsiyalarni tekshirish chegarasi 175 million so‘mgacha tushirildi. Pul o‘tkazmalarini jo‘natuvchilar va qabul qiluvchilar haqidagi ma’lumotlarga doir yangi talablar joriy etildi.

Bank hisobvarag‘ini ochmasdan yoki undan foydalanmasdan amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun chegaraviy miqdor o‘zgartirildi. Hozirda bunday operatsiyalar summasi bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 500 baravaridan (206 million so‘m) yuqori bo‘lganda mijozni tekshirish talab etiladi. Yangi tartibda bu chegara 175 million so‘m qilib belgilandi, bu FATFning 10-tavsiyasi talablariga muvofiqlashtirilgan.

Pul o‘tkazmalari bo‘yicha jo‘natuvchi va qabul qiluvchi haqidagi ma’lumotlarga qo‘yiladigan talablar kengaytirildi. Jo‘natuvchi uchun F.I.Sh., manzil, STIR yoki identifikatsiya raqami, hisobvaraq raqami yoki operatsiyaning unikal kodi talab qilinadi. Jismoniy shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda pasport yoki ID karta ma’lumotlari, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi ko‘rsatilishi shart. Qabul qiluvchi uchun esa nomi, mamlakati, shahri, STIR yoki identifikatsiya raqami, hisobvaraq raqami yoki unikal kod talab etiladi.

Ichki elektron to‘lovlar va pul o‘tkazmalari uchun kengaytirilgan ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan chegaraviy miqdor BHMning 30 baravaridan 25 baravarigacha (10,3 million so‘m) tushirildi. Bu FATF tavsiyalariga muvofiq, minimal chegara 1000 dollar (taxminan 12,2 million so‘m) darajasida belgilangan.

Shubhali operatsiyalar uchun yangi mezonlar joriy etildi. 16 yoshga to‘lmagan jismoniy shaxsning hisobvarag‘i orqali ikki ish kuni davomida BHMning 40 baravaridan (16,48 million so‘m) yuqori miqdorda mablag‘ tushishi, o‘tkazilishi yoki naqd qilinishi shubhali deb topiladi. Markaziy bankning tushuntirishicha, voyaga yetmaganlar mustaqil moliyaviy qarorlar qabul qila olmaydi va ularning hisobvaraqlarida katta pul aylanmasi kuzatilmasligi kerak.

FATFning kuchaytirilgan monitoringi ostidagi davlatlardan mijoz hisobvaraqlariga mablag‘ tushishi yoki ushbu davlatlarga bir yo‘la yoki 30 kundan ko‘p bo‘lmagan vaqt ichida bir necha bor jami 1000 BHM (412 million so‘m) va undan yuqori miqdorda mablag‘ o‘tkazilishi shubhali operatsiyalar ro‘yxatiga qo‘shildi.

Import shartnomasi predmetining o‘zgarishi bilan bog‘liq shubhali operatsiya deb topish chegarasi 20 ming BHMdan (8,24 milliard so‘m) 5 ming BHMgacha (2,06 milliard so‘m) tushirildi. Dastlab loyihada 3 ming BHM taklif qilingan edi.

Miqdoriy chegaralar belgilanmagan shubhali operatsiyalarni kompleks tahlil qilish tartibi joriy etildi. Maxsus vakolatli davlat organiga xabarnoma yuborilgandan so‘ng, banklar 10 ish kuni ichida operatsiya ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlarni to‘plashi va tahlil qilishi lozim. Bunda ochiq manbalar asosida ularning ishchanlik obro‘si, mablag‘larning kelib chiqish manbalari, operatsiya tuzilmasi, vaqti, hajmi va geografiyasi baholanadi.

Banklar operatsiya mijozning odatdagi xo‘jalik faoliyatiga va moliyaviy profiliga mos kelishini baholashi, ishtirokchilar o‘rtasidagi aloqalarni, jumladan, affillanganlik, nazorat yoki o‘zaro nazoratni tahlil qilishi shart. Benefitsiar mulkdorni, mablag‘ manbasini yoki operatsiyaning haqiqiy maqsadini yashirishga qaratilgan murakkab tranzaksiyalar zanjiri ham o‘rganiladi.

Agar tekshiruv o‘tkazish mijozga ma’lumotlar oshkor bo‘lib qolishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, bank tekshiruv o‘tkazmasdan, shubhali operatsiya haqida darhol vakolatli organga xabar berish huquqiga ega.

Loyihada paketli o‘tkazmalar tushunchasi kiritildi va tartibga solindi. Bu bitta moliyaviy muassasaga yo‘naltirilgan bir nechta to‘lovlarni birlashtiruvchi operatsiyalar bo‘lib, bir yoki bir nechta qabul qiluvchilar foydasiga amalga oshirilishi mumkin.

Source: www.gazeta.uz