Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatidagi Muborak gazni qayta ishlash zavodiga ekologik qonunbuzilishlar uchun qariyb 11 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya belgilandi.

Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi Ekologiya politsiyasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tekshiruvda zavod hududida qurilish va boshqa turdagi chiqindilarning noqonuniy joylashtirilgani aniqlangan. Bu holat atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan.

Tekshiruv davomida chiqindilardan hosil bo‘lgan chang zarrachalari atmosfera havosini ifloslantirgani, shuningdek, zararli gazlarni yoqish jarayonida oltingugurt, uglerod va azot oksidlari me’yordan ortiq miqdorda chiqarilgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonida gazni tozalashdan hosil bo‘lgan oqova suvlar neft mahsulotlari bilan aralash holda ochiq maydonlarga tashlangani aniqlangan.

Holat yuzasidan korxonaga nisbatan 10 mlrd 834 mln so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya belgilangan. Shuningdek, bajarilishi majburiy bo‘lgan 7 banddan iborat ko‘rsatma berilgan. To‘plangan hujjatlar sudga yuborilgan.

Avvalroq Surxondaryoning Boysun tumanida daryoga neft aralash suyuqlik oqib ketishi ortidan 8,5 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya hisoblangan edi. O‘zbekistonda ekologik huquqbuzarliklar uchun jarimalar karrasiga oshirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz