Prezident qarori bilan mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi tizimi butunlay qayta tashkil etilmoqda. Hozirgacha bu sohada uchta alohida idora – sanitariya, veterinariya va karantin xizmatlari faoliyat yuritgan. Ularning o‘rniga «daladan stolgacha» tamoyili asosida ishlaydigan yagona organ tashkil etiladi.
Eski tizimda yagona ma’lumotlar bazasi yo‘qligi va funksiyalarning takrorlanishi sabab tadbirkorlar eksport va importda qo‘shimcha qiyinchiliklarga duch kelgan. Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston mahsulotlarida pestitsid qoldiqlari tufayli 25 ta ogohlantirish bergan.
Yangi tizimda eskirgan tekshiruvlardan voz kechiladi. Mahsulotlarni majburiy sertifikatlash bekor qilinib, uning o‘rniga xavf baholashga asoslangan nazorat joriy etiladi. 2029-yildan boshlab meva-sabzavot mahsulotlari eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi.
Islohot natijasida importda nazorat vaqti 9 kundan 2 kungacha, eksportda esa 3 kundan 1 kungacha qisqartiriladi. Tadbirkorlar omborxona xarajatlarida 70 milliard so‘m tejash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etilmoqda. Mamlakatda 16 million gektar yaylov mavjud bo‘lib, ulardan atigi 10% foydalanilmoqda.
1-iyundan boshlab chorvadorlar uchun imtiyozli kreditlar yo‘lga qo‘yiladi: yillik 10% stavkada 10 yilgacha muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan. Naslli chorva mollarini import qiluvchilar 2029-yilgacha QQSdan ozod etiladi.
Source: kun.uz