Toshkent shahrining Uchtepa tumanida tijorat bankining mas’ul xodimlari fuqaroning yirik miqdordagi omonat mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bankning mas’ul shaxslari fuqaro I.M. tomonidan omonatga qo‘yilgan 500 ming dollarini soxta hujjatlar rasmiylashtirish orqali qo‘lga kiritgani va o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Source: www.gazeta.uz