Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni “O‘zbekiston energetika haftaligi — 2026” forumi doirasida SOCAR bosh direktori Rovshan Najaf hamda British Petroleum rahbariyati vakillari Ariel Flores va Jovanni Kristofolini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda energetika va neft-gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda investitsiyaviy kooperatsiyani chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar energetika sohasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanayotganini qayd etdi. Xususan, SOCAR Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha loyihada O‘zbekistonning sherigi sifatida ishtirok etmoqda. Uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ma’lum qilindi.

Shuningdek, ushbu yirik loyihaga British Petroleum kompaniyasi qo‘shilgani yuqori baholandi.

Muzokaralarda uglevodorod xomashyosini qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash, neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berish, shuningdek, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, Ozarbayjon futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi raisi sifatida ham faoliyat yuritayotgan Ravshan Najaf O‘zbekiston va Ozarbayjonda 2027-yilgi U-20 jahon chempionatiga tayyorgarlik ishlarida ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Avvalroq Britaniyaning BP (British Petroleum) kompaniyasi Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hududidagi neft-gaz bloklarini o‘zlashtirish bo‘yicha mahsulot taqsimoti bitimiga qo‘shilgani xabar qilingandi. Loyiha “O‘zbekneftgaz” va Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Source: www.gazeta.uz