Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogi guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida Avstraliyani 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv 13-may kuni bo‘lib o‘tdi.

28-daqiqada Mirkomil Murodov hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim yakunida, 45-daqiqada Ahror Ravshanbekov gol urib, O‘zbekistonning ustunligini mustahkamladi.

Ushbu g‘alaba Sergey Chigodayev shogirdlariga D guruhini birinchi o‘rinda yakunlash imkonini berdi. Pley-off yo‘llanmasini muddatidan oldin hal qilgan Avstraliya esa ikkinchi o‘rinni egalladi.

Chorak finalda O‘zbekiston Koreya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 16-may kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da bo‘lib o‘tadi. Raqib guruh bosqichida Yaman (0:0) va BAA (1:1) bilan durang o‘ynadi, shuningdek, Vetnamni mag‘lub etdi (4:1).

Turnirning amaldagi chempionlari avvalroq chorak final yo‘llanmasini hamda 2026-yili Qatarda bo‘lib o‘tadigan U-17 jahon chempionati yo‘llanmasini naqd qilib bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, KXDR turnirda ishtirok etishdan bosh tortganidan so‘ng, D guruhida uchta jamoa — O‘zbekiston, Avstraliya va Hindiston qoldi. Avvalgi turlarda O‘zbekiston Hindistonni 3:0 hisobida mag‘lub etgan va Avstraliya bilan durang (1:1) o‘ynagan edi.

Source: www.gazeta.uz