2026-yilning dastlabki 4 oyida Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamagan 50 mingdan ortiq fuqaro jarimaga tortildi. Bu haqda 14-may kuni “Toshshahartransxizmat” AJda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
“Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” Davlat muassasasi rahbari Muhammadjon Qahorovning aytishicha, nazoratchilar guruhining 57 nafar vakili har kuni turli yo‘nalishlardagi avtobuslar va bekatlarda reydlar o‘tkazmoqda. 2025-yilda chiptasiz yurgan yo‘lovchilar 22 500 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning 4 oyida bu raqam 50 mingdan oshdi. Tahlillarga ko‘ra, yo‘l haqini to‘lamaganlarning 90 foizdan ziyodini 16−30 yoshdagi fuqarolar tashkil qiladi, ularning 70 foizi esa talabalardir. Shu munosabat bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga xat yuborilgan va may oyidan oliy ta’lim muassasalarida profilaktik ishlar boshlangan.
“Toshshahartransxizmat” AJ Boshqaruv raisining raqamlashtirish va sun’iy intellekt joriy etish bo‘yicha maslahatchisi Shohruz Xodjiyevning ta’kidlashicha, chiptasiz yurgan yo‘lovchilarni aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanish rejalashtirilmoqda. Transport vazirligi tizimidagi Raqamli transport markazi tomonidan uch-to‘rt oy davomida loyiha ishlab chiqilgan. Dunyo tajribasida bunday yechim rivojlanmaganligi sababli, o‘z modelini yaratishga to‘g‘ri kelgan.
Loyiha doirasida avtobus ichiga o‘rnatilgan kameralar yo‘lovchilarning xatti-harakatini kuzatadi. Sun’iy intellekt fuqaroning qaysi eshikdan chiqib, qaysi bo‘limda o‘tirgani va qayerda to‘lov qilganini aniqlaydi. Yo‘l haqi to‘lanmagani 100 foiz tasdiqlangandagina jarima qo‘llaniladi. Shuningdek, ko‘plab yo‘lovchilar o‘z kartasidan emas, balki oila a’zolarining kartasidan foydalanishi identifikatsiyani murakkablashtiradi.
Sun’iy intellekt to‘liq joriy qilingunga qadar ikki bosqichli tizim ishlaydi. Birinchi bosqichda nazoratchilar ATTO tizimi orqali avtobusdagi yo‘lovchilar soni va to‘lovlar haqida ma’lumot oladi, so‘ng inspektorlar manzilli avtobusga chiqib, to‘lov qilmaganlarni joyida jarimaga tortadi. Ikkinchi bosqichda to‘liq sun’iy intellekt nazorati joriy etiladi, ammo ma’lumotlarni tasdiqlash uchun inspektorlar hali ham kerak bo‘ladi.
Transport vazirligi matbuot kotibi Navruz Ashirmatovning so‘zlariga ko‘ra, to‘lov madaniyati har bir shaxsning ijtimoiy mas’uliyatiga aylanishi lozim. U jamoat transportidan foydalanuvchi har bir fuqaro to‘lovni o‘z mas’uliyati deb bilishi kerakligini ta’kidladi.
“Toshshahartransxizmat” vakili Shohruz Xodjiyev fuqarolarni bir-birining to‘lov intizomini kuzatishga va to‘lamaganlarga e’tiroz bildirishga chaqirdi. “Hammamiz birgalikda to‘lov madaniyatini o‘rgataylik”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Toshkentda 32,4 ming yo‘lovchiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilgan edi. Yanvar oyida 11 502, fevralda esa 10 280 yo‘lovchi chiptasiz yurgani uchun jarimaga tortilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasiga ko‘ra, chiptasiz yurgan yo‘lovchiga BHMning 1/10 qismi, ya’ni 41 200 so‘m miqdorida jarima belgilanadi. Chiptasiz yurganlarni jarimaga tortish 2025-yil 14-martdan boshlangan. 2025-yilda Toshkent shahrida avtobusda yo‘lovchi tashishdan olingan daromad 16 foizga oshib, 644 mlrd so‘mga yetgan, kunlik yo‘lovchi oqimi esa 650 mingdan 1,4 million nafargacha ko‘paygan.
Source: www.gazeta.uz