Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston kosmik sanoatida muhim qadam: “O‘zbekkosmos” agentligi 2028-yilda ilk ilmiy sun’iy yo‘ldosh “Mirzo Ulug‘bek”ni uchirishni e’lon qildi. Shuningdek, birinchi milliy kosmonavt 10-14 kunlik parvozni amalga oshiradi. Bu haqda agentlik 13-may kuni o‘tkazgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

“O‘zbekkosmos” va Xitoyning STAR.VISION kompaniyasi o‘rtasidagi memorandumga ko‘ra, giperspektral sun’iy yo‘ldosh “Samarqand-2028” nomini oladi. Ushbu yo‘ldosh Yerni masofaviy zondlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uning bortida o‘zbek mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt moduli o‘rnatiladi. SI suratlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘ldosh bortida qayta ishlab, tayyor analitikani yerga uzatadi, bu esa 24-48 soat vaqtni tejaydi.

Agentlik direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimovning aytishicha, loyiha “barter” asosida amalga oshirilmoqda: Xitoy sun’iy yo‘ldoshning texnik qismini ta’minlaydi, O‘zbekiston esa sun’iy intellekt modulini yaratadi. U, shuningdek, 31-mayga rejalashtirilgan boshqa bir sun’iy yo‘ldoshning uchirilishi Xitoyning Sindao shahridagi rejadan tashqari dengiz mashg‘ulotlari sabab 20-iyunga qoldirilganini ma’lum qildi.

“Samarqand-2028” nomi 2028-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro astronavtika kongressiga ishora qiladi. Kongressda dunyoning turli kosmik agentliklari vakillari qatnashishi kutilmoqda. Agentlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekiston uchun katta imkoniyat, chunki mintaqada bunday darajadagi tadbir ilk bor o‘tkaziladi.

Ilk milliy kosmonavtni tayyorlash dasturi 50-60 million dollarga, sun’iy yo‘ldosh yaratish esa 50-100 million dollarga tushishi mumkin. Nomzodlar 27-40 yosh, bo‘yi 160-190 sm, vazni 50-96 kg bo‘lishi, oliy ma’lumotli va xorijiy tillarni bilishi shart. Jinsi ahamiyatsiz. Tanlov tibbiy, psixologik va jismoniy sinovlarni o‘z ichiga oladi.

Kosmonavt tayyorgarlik uchun AQSh, Rossiya yoki Xitoyga yuboriladi va bu 6-9 oy davom etadi. U kosmik stansiyada ilmiy eksperimentlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Ibragimovning ta’kidlashicha, kosmonavt “Samarqand-2028” kongressigacha fazoga uchib, Yerga qaytishi kerak.

2025-yilda Raqamli texnologiyalar vazirligi Yaponiyaning Kyushu instituti bilan yetti nafar o‘zbek muhandisini ikki yillik magistratura dasturida o‘qitish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Ular yapon mutaxassislari bilan birgalikda 6U Cubesat formatidagi sun’iy yo‘ldoshni yaratadi va orbitaga chiqaradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘ldoshga “Mirzo Ulug‘bek” nomini bergan.

Hozirda “O‘zbekkosmos” Planet kompaniyasining 180 ta sun’iy yo‘ldoshidan foydalanadi. Kosmik suratlar noqonuniy qurilishlar, yer qonunbuzarliklari, suv resurslaridan foydalanish va daraxt kesilishini kuzatishda qo‘llanilmoqda. Tizim orqali 682 ta maydonda daraxt kesilgani va 65 ming gektar bug‘doy dalalarida yong‘in xavfi aniqlangan.

Matbuot anjumanida NASAning sobiq astronomi Endryu Fyustel ishtirok etdi. U O‘zbekiston bilan tajriba almashishdan mamnunligini bildirdi va kosmik tadqiqotlarda xalqaro hamkorlik muhimligini ta’kidladi. Fyustelning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt astronavtlarning o‘rnini yaqin kelajakda egallay olmaydi.

Source: www.gazeta.uz