Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda intensiv sanoatlashgan bog‘larni ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 572,6 ming gektar bog‘ va tokzor mavjud bo‘lib, ular yiliga 1 milliard dollarlik eksportni ta’minlamoqda. Soha 882 ming nafar aholi uchun daromad manbaiga aylangan.

Yig‘ilishda mavjud bog‘ va tokzorlar holati tahlil qilinib, 61 ming gektar eskirgan va 18 ming gektar yaroqsiz bog‘larni yangilash zarurligi qayd etildi. Ayrim hududlarda bunday maydonlardan gektariga atigi 5 tonna hosil olinayotgani, yillik daromad esa 10 million so‘mga ham yetmayotgani aytildi.

Xususan, Namangan viloyatining Pop tumanida 1200 gektar eski va yaroqsiz bog‘lar mavjud. Ta’kidlanishicha, ular o‘rnida eksportbop navlar ekilib, quritish, saralash va qadoqlash bo‘yicha agrologistika markazlari tashkil etilsa, hosildorlik va daromadni bir necha barobar oshirish mumkin. Tumandagi 84 gektarlik eksportbop gilos bog‘i misolida yosh ko‘chatlardan gektariga 7 tonna hosil olinib, mahsulotning har kilogrammi 8 dollardan eksport qilinayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan eski va yaroqsiz bog‘lar bilan ishlash bo‘yicha yangi tartib joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, sanoatlashgan bog‘lar barpo etish yoki yerlarni haydaladigan maydonlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha xulosa beradi.

Shuningdek, 12 oy davomida sanoatlashgan bog‘ tashkil etilmagan maydonlar uchun yer va suv solig‘i stavkasini oshirish, bu holat yana bir yil davom etsa, suvdan foydalanishni cheklash taklif qilindi.

Prezident yerdan samarali foydalanish ustidan nazoratni raqamlashtirish zarurligini ta’kidlab, eskirgan va yangi sanoatlashgan bog‘larni kosmik tasvirlar orqali monitoring qilish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirishni topshirdi.

Yig‘ilishda tomorqa va dehqon xo‘jaliklaridagi eski bog‘larni yangilash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Bunda mahalla bankiri orqali aholiga 50 donagacha ko‘chat yoki 2 million so‘mgacha qarz berish, dehqon xo‘jaliklariga esa 150 million so‘mgacha kredit ajratish taklif qilindi.

2026−2028-yillarda mamlakatda 168 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu orqali 2 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi va 258 mingta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Loyihalarni moliyalashtirish va amaliy qo‘llab-quvvatlash uchun 9 ta tijorat banki hududlarga biriktiriladi. Ular tadbirkorlarga sanoatlashgan bog‘larni tayyor holda topshirish bilan birga, ikki yil davomida agrotexnik, moliyaviy va tashkiliy jihatdan hamrohlik qiladi.

Source: www.gazeta.uz