O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakolatxonasi va Madaniy meros agentligi vakillari Jahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo hamda CRATerre assotsiatsiyasi vakili, meros obyektlarini saqlash bo‘yicha ekspert-arxitektor Sebasten Morize bilan onlayn uchrashuv tashkil etdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Muloqot davomida Buxorodagi Poyi Kalon me’moriy majmuasini restavratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar loyihaning xalqaro ahamiyatini ta’kidlab, uni namunaviy hamkorlik amaliyotiga aylantirishga kelishdilar.
CRATerre vakillari Poyi Kalonni restavratsiya qilish bo‘yicha loyihani birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi. Bu jarayonda xalqaro ilg‘or tajriba va zamonaviy usullardan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Majmua “Buxoroning tarixiy markazi” nomli Jahon merosi obyektining tarkibiy qismi hisoblanadi. Uchrashuvda majmuani uzoq muddatli saqlash maqsadida kompleks ko‘p yillik konservatsiya rejasini ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Mahalliy mutaxassislarni jalb etish va ularning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Suhbat davomida CRATerre va YUNESKO Jahon merosi markazi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Tashrif doirasida mehmonlar Poyi Kalonning holatini joyida o‘rganadi, mahalliy mutaxassislar bilan maslahatlashadi, kadrlar tayyorlash tizimi bilan tanishadi va loyiha tafsilotlarini batafsil muhokama qiladi.
Poyi Kalon me’moriy majmuasi Mir-Arab va Amir Olimxon madrasalari hamda Kalon minorasi va shu nomdagi masjiddan iborat. CRATerre esa yer arxitekturasi bo‘yicha dunyodagi yetakchi ilmiy-tadqiqot va amaliy markazlardan biri bo‘lib, 1979-yilda Fransiyada tashkil etilgan va YUNESKOning “Yer arxitekturasi” kafedrasi ijrochisi hisoblanadi.
Source: www.gazeta.uz