Urganch shahar ichki ishlar organi profilaktika bo‘limining kichik inspektori D.Yu. mast holda Cobalt rusumli avtomobilni boshqarib, Shovot tumanida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Natijada orqa o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 30 yoshli D.Yu. 2025-yil 23-dekabr kuni do‘stining to‘yiga borib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Shunga qaramay, u rulga o‘tirib, orqa o‘rindiqqa X.F.ni, oldingi o‘rindiqqa esa yana bir do‘stini o‘tqazgan.
Yo‘lda D.Yu. boshqaruvni yo‘qotgan va Cobalt beton to‘siqqa borib urilgan. Orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchi X.F. shifoxonada vafot etgan. Guvohning so‘zlariga ko‘ra, D.Yu. tor yo‘lda 120 km/soat tezlikda ketayotgan bo‘lgan: “Men unga sekinroq yurishni aytdim, lekin u tezlikni pasaytirmadi. Birinchi chuqurlikda mashina sakrab chiqdi, ikkinchisida esa beton to‘siqqa borib urilib, ag‘darildi.”
Sudda D.Yu. aybini to‘liq tan oldi va yo‘ldagi chuqurlik tufayli boshqaruvni yo‘qotganini aytdi. U pushaymonligini bildirib, jazoni yengillashtirishni so‘radi. Marhumning otasi esa D.Yu. va uning oila a’zolari kechirim so‘rab, 2 million so‘m moddiy yordam taklif qilganini, ammo ular rad etganini aytdi.
Shovot tuman sudining hukmi bilan D.Yu. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha aybdor deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi va 3 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etildi.
Source: kun.uz