Urganch shahar ichki ishlar organi profilaktika bo‘limi xodimi D.Yu. mast holatda Cobalt rusumli avtomobilni boshqarib, Shovot tumanida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Orqa o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonada vafot etdi.
30 yoshli D.Yu. 2025-yil 23-dekabr kuni do‘stining to‘y marosimiga borib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Shundan so‘ng u o‘z tanishlarini uyiga olib ketishga rozi bo‘lgan. Orqa o‘rindiqda X.F., old o‘rindiqda esa yana bir do‘sti o‘tirgan.
Guvohning so‘zlariga ko‘ra, D.Yu. tor yo‘lda 120 km/soat tezlikda harakatlanib, boshqaruvni yo‘qotgan va beton to‘siqqa urilgan. Avtomobil ag‘darilgan. Guvoh: “Men unga sekinroq yurishni aytdim, lekin u tezlikni pasaytirmadi. Birinchi chuqurlikda mashina sakrab chiqdi, ikkinchisida esa beton to‘siqqa borib urildik”, degan.
D.Yu. sudda aybini to‘liq tan olgan va yo‘ldagi chuqurlik tufayli boshqaruvni yo‘qotganini aytgan. U pushaymonlik bildirib, jazoni yengillashtirishni so‘ragan.
Marhumning otasi suddan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, D.Yu. va uning oila a’zolari kechirim so‘rab kelib, 2 million so‘m moddiy yordam taklif qilganini, ammo ular yordamni rad etib, pulni qaytarib berganini aytgan.
Shovot tuman sudi D.Yu.ni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha aybdor deb topib, 4 yil ozodlikdan mahrum qilish va 3 yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Source: kun.uz