Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Pop tumanidagi “Kushminor” mahallasida non savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar o‘rtasida yuz bergan mojaro aks etgan videolar tarqaldi. Namangan viloyati IIB ushbu fakt yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Aniqlanishicha, Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida yashovchi S.Sh. “Sanjar patir” nomi bilan savdo qiluvchi tadbirkor, shu hududda “Sanjar patir” nomi ostida faoliyat yuritayotgan boshqa bir Dang‘ara tumani fuqarosi X.A.ni tijorat nomidan noqonuniy foydalanishda ayblab, yordamchilari bilan savdo maydonchasiga borib, uning mol-mulkiga zarar yetkazgan.
Hodisa yuzasidan tergovgacha tekshiruv davomida barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlangan. Hozirda Pop tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovgacha tekshiruv olib borilmoqda. S.Sh.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, materiallar Pop tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.
Source: kun.uz