Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov 15-may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistondagi yonilg‘i quyish shoxobchalari, markaziy parklar va turizm maskanlariga yaqin hududlarda jami 11 mingga yaqin hojatxona mavjudligini ma’lum qildi. Ulardan 4 mingtasi yangi tashkil etilgan, qolganlari esa rekonstruksiya qilingan yoki qayta jihozlangan.

Aqqulov yo‘l bo‘yidagi zapravkalarda qurilgan hojatxonalarning ahvoli haqida gapirarkan, AYOQSH rahbariyatlari bundan daromad ko‘rmasligi va shu sababli ularning munosabati yaxshi emasligini ta’kidladi. “Bitta narsani bilishimiz kerakki, yonilg‘i quyish shoxobchasining asosiy daromad manbai boshqa yo‘nalishda. Agar ular hojatxonalar orqali daromad topganida, uni obod qilib qo‘yardi. Zapravkalardagi hojatxonalar qaysidir ma’noda hukumatimiz topshiriqlari asosida qo‘shimcha majburiyat sifatida joriy etilgan”, dedi u.

Qo‘mita raisi ushbu masalani hal qilishda jamoatchilik nazorati muhimligini ta’kidladi. “Haqiqatan ham, yo‘l yoqasida qurilgan hojatxonalarda ta’bni xira qiladigan holatlar bor. Ko‘p hollarda o‘zim ham shunga guvoh bo‘laman. Bunday holatlarni birgalikda nazorat qilishimiz kerak. Bilaman, bu bo‘yicha sanitariya tizimlariga javob beradigan alohida tashkilotlar hamda respublika ishchi guruhlari bor. Ular hojatxonalarni borib ko‘rganida, hamma narsa chiroyli bo‘ladi. Balki o‘sha paytga tayyorgarlik ko‘rishar yoki boshqa, buning anig‘ini bilmayman. Lekin o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimda, yuqoridagi aytganimdek, ta’bni xira qiluvchi holatlar yuzaga keladi. Bunga faqatgina jamoatchilik bilan birga kurashilmasa, natijaga erishish qiyinroq bo‘ladi”, deya tushuntirdi u.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda sobiq Turizm va madaniy meros vazirligi 2022−2023-yillarda O‘zbekistondagi barcha sayyohlik obyektlari, aeroportlar, vokzallar va avtostansiyalarda “sanitariya inqilobi”ni amalga oshirish, ularni zamonaviy hojatxonalar bilan ta’minlash rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Source: www.gazeta.uz