Milliy ijtimoiy himoya agentligi 2026-yil 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar joriy etilishi munosabati bilan ehtiyojmand oilalarga to‘lanadigan kompensatsiyalar miqdori oshirilishini ma’lum qildi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ehtiyojmand oilalarga har oy iste’mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun davlat kompensatsiyasi to‘lanadi. Kompensatsiya bazaviy me’yordan oshgan hajm uchun beriladi: elektr energiyasi bo‘yicha — 200 kVt·soat bazaviy me’yordan 150 kVt·soatgacha; tabiiy gaz bo‘yicha qish oylarida — me’yordan 250 kub metrgacha, qolgan oylarda — me’yordan 150 kub metrgacha.
2026-yil 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar joriy etilishi munosabati bilan ehtiyojmand oilalar uchun kompensatsiyalar miqdori ham oshiriladi.
Yangi kompensatsiya miqdorlari: elektr energiyasi uchun (bazaviy me’yordan 150 kVt·soatgacha) — 30 000 so‘mdan 37 500 so‘mga; isitish mavsumida tabiiy gaz uchun (bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha) — 200 000 so‘mdan 225 000 so‘mga; isitish mavsumidan tashqari tabiiy gaz uchun (bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha) — 120 000 so‘mdan 135 000 so‘mga oshirildi.
Kompensatsiya olish uchun mahalladagi ijtimoiy xodimga, “Inson” tuman ijtimoiy xizmatlar markaziga yoki Agentlikning 1140 raqamli kol-markaziga murojaat qilish kerak.
Source: kun.uz