Toshkentda tungi poyga oqibatida jiddiy yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ikki avtomobil yuqori tezlikda harakatlanayotgani, ulardan biri piyodani urib yuborgani aks etgan.
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 16 may kuni soat 01:00 atrofida Chilonzor tumanidagi Bunyodkor shoh ko‘chasida, Oliy Majlis binosi qarshisida sodir bo‘lgan.
Tracker rusumli avtomobilning 18 yoshli haydovchisi yo‘lning piyodalar o‘tish joyidan tashqari qismidan kesib o‘tayotgan tengdoshini urib yuborgan.
Natijada jabrlangan shaxsga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Uning sog‘lig‘i haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yo‘lovchi avtobusi va Chevrolet Tracker ishtirokida yana bir YTH sodir bo‘lgan, unda uch kishi jarohat olgan va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avariyada Tracker haydovchisi aybdor deb topilgan.
Source: podrobno.uz