Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Markaziy banki bankomatlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha bozor ishtirokchilariga yangi talablarni yo‘lladi. 15-may kuni imzolangan xat rasmiy veb-saytda e’lon qilindi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, bank kartasidan pul yechilmay, mablag‘ hisobdan chiqib ketishi, kechikish bilan qaytarilishi yoki muvaffaqiyatsiz operatsiya uchun komissiya ushlab qolinishi kabi holatlar ikkinchi darajali texnik nosozlik emas, balki iste’molchilarning mulkiy manfaatlariga bevosita ta’sir qiluvchi masala sifatida ko‘rib chiqilishi kerak.

Markaziy bank mijozni karta bloklanishi bo‘yicha murojaati taqdiri haqida o‘z vaqtida xabardor qilmaslik va javobgarlikni bank, to‘lov tashkiloti va boshqa ishtirokchilar o‘rtasida o‘tkazishni adolatsiz munosabat deb baholadi.

Tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlariga quyidagi ko‘rsatma va tavsiyalar berildi: bankomat muammosi yuz berganda mijoz harakatlari haqida tushunarli ma’lumot e’lon qilish; operatsiyadan oldin komissiyalar haqida shaffof ma’lumot berish; naqd pul berilmagan yoki karta bloklangan holatlarni ustuvor murojaat sifatida belgilash; muammoni ichki manbalar (jurnallar, video, inkassatsiya dalolatnomalari) orqali tasdiqlash mumkin bo‘lsa, mijozni qayta ofisga chaqirmaslik; barcha murojaat kanallari (kol-markaz, mobil ilova, veb-sayt, filial) orqali bir xil sifatli ma’lumot taqdim etish; “murojaatni ko‘rib chiqish” modelidan “kafolatlangan natija” modeliga o‘tish; bajarilmagan operatsiyalar bo‘yicha ushlab qolingan komissiyani avtomatik qaytarish; nosozliklarni tezkor bartaraf etish uchun texnologik yechimlarni joriy qilish; bankomatlarning texnik sozligini ta’minlash, eskirgan uskunalarni almashtirish.

Regulyatorning talabiga ko‘ra, bankomat infratuzilmasini rivojlantirish nafaqat miqdoriy o‘sish, balki xizmat ko‘rsatish standartlari sifatida ham namoyon bo‘lishi kerak. Texnik nosozlik yuz berganda tizim iste’molchini muammo bilan yolg‘iz qoldirmasligi, uni tushunarli va adolatli hal qilishi shart.

Markaziy bank bozor ishtirokchilarini yuqoridagilarga mas’uliyat bilan yondashishga, bankomatlar ish sifatini oshirish va iste’molchilar huquqlari buzilishi holatlarini kamaytirish bo‘yicha tezkor amaliy choralar ko‘rishga chaqirdi.

Source: kun.uz