O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” tarkibida Angliya Kubogi sohibiga aylandi. Turnir finalida Pep Gvardiola shogirdlari “Chelsi”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Husanov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi va uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi. O‘zbekistonlik futbolchi himoyada ishonchli harakat qilib, bir nechta muhim yakkakurashlarda g‘olib chiqdi va “Manchester Siti”ga o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolishda yordam berdi. Uchrashuvning 56-daqiqasida u “Chelsi” himoyachisi Mark Kukurelyaga qarshi qo‘pollik ishlatgani uchun sariq kartochka oldi.
Husanov himoya markazida sherigi Mark Gehi bilan birga harakat qildi. Uchrashuvdagi yagona gol 71-daqiqada kiritildi. Erling Holandning o‘ng qanotdan uzatgan to‘pidan so‘ng Antuan Semeno to‘pni “Chelsi” darvozasiga yo‘lladi.
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin London jamoasi bosimni oshirishga harakat qildi va to‘pni “Manchester Siti” jarima maydonchasiga tez-tez yetkazib turdi, biroq “shaharliklar” himoyasi va darvozabon Jeyms Trafford raqibga hisobni tenglashtirishga yo‘l qo‘ymadi.
“Manchester Siti” uchun bu 2023-yildan buyon qo‘lga kiritilgan ilk Angliya Kubogidir. Bundan oldingi ikki mavsum finalida Gvardiola shogirdlari imkoniyatni boy bergandi — 2024-yilda “Manchester Yunayted”ga va 2025-yilda “Kristal Pelas”ga.
Abduqodir Husanov Angliya Kubogini yutgan ilk o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi. Avvalroq — 2026-yilning mart oyida u “Manchester Siti” bilan birga finalda “Arsenal”ni mag‘lub etib, Angliya Liga Kubogini ham qo‘lga kiritgandi.
Eslatib o‘tamiz, 22 yoshli futbolchi 2025-yilning yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan “Siti”ga ko‘chib o‘tgan.
Source: www.gazeta.uz