Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

15-may kuni Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi mamlakatda noqonuniy ravishda yashab kelayotgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosini respublikadan chiqarib yubordi, deya xabar bermoqda Tokiodagi elchixona.

Har ikki fuqaro Yaponiyaga “talaba” vizasi bilan borgan. Biroq viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatni tark etmay, noqonuniy yashab kelgan va huquq tartibot idoralari tomonidan hibsga olingan.

Konsullikning eslatib o‘tishicha, “talaba” vizasi pul topish (mehnat faoliyati) uchun emas, balki faqatgina o‘qish uchun beriladi. Agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki ruxsatsiz mehnat qilish holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi.

“Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun murojaat qilinsa, „uzoq muddat qolish mumkin“ yoki „ishlash mumkin“ degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan. Shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi”, — deya qayd etdi O‘zbekiston elchixonasi.

Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanadi. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bundan besh kun oldin ham qisqa muddatli biznes vizasi bilan kelib, mamlakatda noqonuniy qolib ketgan yana bir O‘zbekiston fuqarosini ushbu davlatdan deportatsiya qilingandi. Aprel oxirida ham ikki o‘zbekistonlik vataniga qaytarib yuborilgan. Elchixona fuqarolarni ish borasidagi turli takliflarga ishonib qolmaslikka chaqirgan.

Source: www.gazeta.uz