Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tezkor bo‘linmalari, Chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan maxsus amaliyot natijasida Afg‘onistondan O‘zbekistonga qariyb 600 kg giyohvandlik moddasini olib kirishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi.

DXX matbuot xizmati xabariga ko‘ra, xavfli yuk Surxondaryo viloyatidagi “Termez-avto” chegara bojxona postida Afg‘oniston fuqarosi boshqaruvidagi tirkamali yuk mashinasi skanerdan o‘tkazilayotgan vaqtda aniqlangan.

Tirkamada ekskavator bo‘lgan va uning ko‘tarish qismida shubhali narsalar borligi payqalgan. Shundan so‘ng ekskavator tuynuklari endoskop yordamida ko‘zdan kechirilganda, u yerdan 593 kg gashish va 3 kg opiy topilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda maxsus xizmatlar ushbu narkotik moddalar egalarini qo‘lga olish choralarini ko‘rmoqda.

Source: www.gazeta.uz