O‘zbekiston U17 terma jamoasi Osiyo Kubogi chorak finalida Janubiy Koreyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, yarim finalga chiqdi. Asosiy vaqt 2:2 hisobida yakunlandi, penaltilar seriyasida esa o‘zbekistonliklar 5:3 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuv Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi “King Abdullah Sports City” stadionida bo‘lib o‘tdi. O‘yin o‘zbekistonliklar uchun o‘tkazilgan gol bilan boshlandi – 22-daqiqada koreyalik Mun Ji Xvon hisobni ochdi.
Biroq tanaffusgacha o‘zbekistonliklar nafaqat hisobni tenglashtirdi, balki oldinga chiqib oldi. 41-daqiqada Axrorbek Ravshanbekov raqib darvozabonining xatosidan foydalanib hisobni tenglashtirdi, birinchi bo‘limning qo‘shib berilgan vaqtida (45+2-daqiqa) esa u dublni rasmiylashtirib, O‘zbekistonni 2:1 hisobida oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda janubiy koreyaliklar o‘yinni qutqarish uchun barcha kuchlarini ishga solib, darvozabonni almashtirdi va 88-daqiqada An Son Xyon hisobni tenglashtirib, o‘yinni penaltilar seriyasiga olib keldi.
Penaltilar seriyasida o‘zbekistonliklar aniqroq zarba berdi. G‘alaba nuqtasini koreyalik futbolchi Pak Kyong Xunning o‘tkazib yuborgan penaltisi qo‘ydi – yakuniy hisob 5:3.
Ushbu g‘alaba bilan O‘zbekiston U17 terma jamoasi Osiyo Kubogi yarim finaliga yo‘l oldi. Yarim finalda raqib Yaponiya terma jamoasi bo‘ladi. Uchrashuv 19-mayga rejalashtirilgan.
Source: kun.uz