Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kun.uz nashri 15 aprel kuni Samarqand tumanidagi Akbura turistik qishlog‘ida tog‘-portlatish ishlari natijasida yuzaga kelgan vaziyat haqida tergov e’lon qildi. Unda portlashdan so‘ng tosh bo‘laklari ba’zi uylargacha yetib borgani, devorlarda yoriqlar paydo bo‘lgani va aholining bir qismi portlatish ishlari haqida rasman ogohlantirilmagani aytilgan.

Kun.uz tergovi e’lon qilinganidan so‘ng, hodisa jamoatchilik va mas’ul idoralar tomonidan faol muhokama qilina boshladi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Botirali Shodiev tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomovga deputatlik so‘rovi yo‘lladi.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo bir martalik yoki tasodifiy hodisa emas. Uning ta’kidlashicha, oldingi yillarda ham aholi karerda portlatish ishlari belgilangan texnik talablar va xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya qilmasdan amalga oshirilganidan norozilik bildirgan. Bu muammoning tizimli xususiyatini ko‘rsatadi.

Deputatlik so‘rovida Akbura hududida portlatish ishlari qanday huquqiy asoslar va nazorat mexanizmlari doirasida amalga oshirilayotgani, shuningdek, amaldagi texnik reglamentlar va xavfsizlik qoidalariga rioya qilish darajasi haqida asosli ma’lumot taqdim etish talabi mavjud.

Bundan tashqari, portlatish ishlari natijasida fuqarolarning turar joylari va mulkiga yetkazilgan zararni aniqlash va qoplash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, shuningdek, kelajakda bunday hodisalarning oldini olish uchun amalga oshirilayotgan tizimli choralar haqida rasmiy izoh so‘ralgan.

Source: kun.uz