Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentdagi avtobuslarda faqat oldi eshikdan chiqish amaliyoti yo‘lovchilar tomonidan to‘liq qabul qilinmadi va 2023-yildagi urinishlar vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda 14-may kuni “Toshshahartransxizmat”da o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, bir qator rivojlangan davlatlarda faqat oldi eshikdan chiqish amaliyoti mavjud. Toshkentda bu tajriba 2023-yilda yo‘lga qo‘yilgan edi, ammo yo‘lovchilar buni to‘liq qabul qilmadi va ular tayyor emasligi aniqlandi. Shu sababli ayni paytda bu amaliyot to‘xtatilgan.

Ikromovning ta’kidlashicha, agar faqat oldi eshikdan chiqish tajribasi ishlab ketganida, yo‘l haqi to‘lamay tushib ketayotgan “quyonchalar” muammosi ham yechilgan bo‘lardi. Avtobusga chiqqan yo‘lovchining haydovchi oldida turgan validatorga kartasini urgan yoki urmaganini orqadagilar ham ko‘rib, nazorat qila olardi. Biroq o‘rta va orqa eshikdan chiqadigan yo‘lovchilar juda ko‘p.

Kuniga 1 million 400 ming yo‘lovchi tashiladigan shaharda hammaga oldi eshikdan chiqish kerakligini aytish va bunga o‘rgatish juda qiyin ekani qayd etildi. Mazkur amaliyot ma’lum yo‘nalishlarda sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilsa ham natija bermasligi, chunki yo‘lovchi keyingi safar buni unutishi mumkinligi aytildi.

Hozirda ko‘plab avtobuslarning oldi eshiklariga yashil, orqa eshiklariga qizil rangli stikerlar yopishtirilgan bo‘lib, targ‘ibot ishlari orqali yo‘lovchilar madaniyatini bosqichma-bosqich oshirish va keyinchalik amaliyotni qayta joriy etish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, avtobuslarga faqat oldi eshikdan chiqish amaliyoti viloyatlarda, xususan, Urganch shahrida to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Avvalroq, poytaxtda jamoat transportidan foydalanish darajasi 2022-yilga nisbatan 17 foizga oshib, 35 foizdan ortgani, o‘tgan yilda avtobusda 412,4 mln yo‘lovchi tashilib, umumiy tushum 644,6 mlrd so‘mni tashkil etgani ma’lum qilingandi.

Source: www.gazeta.uz