2025-yil aprel oyida Toshkent markazida qimmatbaho Zeekr 001 elektromobili zaryad vaqtida yonib ketdi. Sud aniqlashicha, yong‘inga sabab avtomobilni ta’mirlashdagi xatolik bo‘lgan va javobgar — «E-GO MOTORS» MChJdan Xotambek Mirzayev foydasiga 450 million so‘m undirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Hali qonuniy kuchga kirmagan qaror yuzasidan taraflarga shikoyat qilish tartibi tushuntirilgan.
Voqealar xronologiyasi: 10-aprel kuni soat 01:44 da Xotambek Mirzayev o‘ziga tegishli Zeekr 001 avtomobilida «Do‘stlik xalqlari» saroyi yonidagi «Tok Bor» zaryad stansiyasiga kelgan. Soat 01:46 da zaryad boshlangan, batareya quvvati 7% bo‘lgan. Mirzayev mashinani qoldirib, uyiga ketgan. Soat 03:51 da zaryad to‘xtagan, hech qanday nosozlik kuzatilmagan. Taxminan soat 7:30 da avtomobilning old qismidan tutun chiqib, mashina yonib ketgan. Guvohlar FVVga xabar bergan.
Yong‘indan ikki oy oldin ta’mirlash: 25-yanvar 2025-yilda Xotambek Mirzayev «Voyah Service Center»ga (EGO-Motors MChJ) murojaat qilgan. Sababi: batareya quvvati 50% dan pastga tushganda ko‘rsatkich birdan 0% ga tushib qolgan. Servis markazi xodimlari haydovchi o‘rindig‘i ostidagi bir yacheykaning kuchlanishi 3,73 V ga tushganini aniqlab, 7-fevralda uni 4 V ga tenglashtirgan va sinovdan o‘tkazgan. Shuningdek, mijozga Fast DC zaryadlovchilardan foydalanish batareyaga zarar yetkazishi va sekin zaryadlash (7 kVt AC) tavsiya etilgani aytilgan.
Ekspertiza xulosasi: 12-avgust 2025-yilda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida tekshiruv o‘tkazilgan. Ekspertiza simlarda qisqa tutashuv belgilari topilmagan, transformator punktlarida kuchlanish sakrashi qayd etilmagan. Avtomobil 2022-yil 14-iyunda ishlab chiqarilgan va uch yil ishlatilgan. Ekspert xulosasiga ko‘ra, yong‘in ishlab chiqarish nuqsoni emas, balki litiy-ion batareyasining qisman almashtirilishi va muvozanat buzilishi sababli yuzaga kelgan. «Har qanday litiy-ion batareya professional moslashtirishni talab qiladi: ichki qarshilik, yosh va sig‘im muvozanatlangan bo‘lishi kerak. Qisman almashtirish ko‘plab ishlab chiqaruvchilarning tavsiyalariga zid», deyilgan xulosada.
Sud qarori: 2026-yil 8-mayda Yakkasaroy tumanlararo sudida ish ko‘rilgan. Takroriy kompleks ekspertiza 2026-yil 3-aprelda yong‘in ishlab chiqaruvchi aybi bilan emas, balki ta’mirdan keyin yacheykalarning ichki qarshiligi va sig‘imi mos kelmasligi natijasida mahalliy qizib ketish va ichki qisqa tutashuv tufayli sodir bo‘lganini tasdiqlagan. Sud da’voni qisman qanoatlantirib, «E-GO MOTORS» MChJdan 391 753 000 so‘m moddiy zarar, 20 mln so‘m vakil xarajatlari, 13 663 000 so‘m ekspertiza xarajatlari, 25 mln so‘m ma’naviy zarar va 41 000 so‘m pochta xarajatlari undirishni belgilagan. Qaror hali kuchga kirmagan.
Source: kun.uz