Qashqadaryo viloyatida ikki profilaktika inspektori narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
Ayblovga ko‘ra, 41 yoshli B.T. ismli profilaktika inspektori 2016-2017 yillarda Kasbi tumanida o‘tkazilgan “Koradori” tadbirida topilgan nasha o‘simligining barglarini yulib, shaxsiy iste’mol va qisman sotish maqsadida uyida saqlagan. U 2025 yil 10 dekabrda 3,4 gramm marixuanani rafiqasi orqali tanishi, Qarshi tumanidagi profilaktika inspektori J.N.ga bergan.
Ichki ishlar vazirligi va Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda J.N.ning mashinasida 3,4 gramm marixuana topilgan. B.T.ning uyida esa 8,76 gramm marixuana aniqlanib, olib qo‘yilgan.
Sudda B.T. aybini tan olmadi va marixuanani sotish niyati yo‘qligini, bosh og‘rig‘i uchun choy qilib ichganini aytdi. U 2014 yilda Buxorodagi musobaqada bo‘yin jarohati olganini va shundan keyin bosh og‘rig‘i boshlanganini ta’kidladi. J.N. esa B.T.ning uyidan vitamin olganini, marixuanani esa Telegram orqali sotib olganini bildirdi.
Mirishkor tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 2026 yil 22 apreldagi hukmi bilan B.T. JK 273-moddasi 2-qismi va 276-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 3,5 yil ozodlikdan mahrum qilindi. J.N. esa JK 276-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topilib, 1,5 yil ozodlikdan mahrum qilindi. B.T. umumiy rejimdagi koloniyada, J.N. esa koloniya-posyolkada jazo o‘taydi.
Source: kun.uz