Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda Yevrosiyo taraqqiyot banki (YTB) rasman o‘z vakolatxonasini ochdi. Bank raisi Nikolay Podguzovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonlarini yakunlaganidan so‘ng bank mamlakatda to‘liq faoliyat boshlagan.

«Bugun biz o‘z faoliyatimizni rasman boshlaymiz, chunki O‘zbekiston yaqinda Yevrosiyo taraqqiyot bankining yettinchi ishtirokchisiga aylandi. Bir necha oy oldin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tegishli farmonni imzolagan edi. Ushbu farmonni amalga oshirish bo‘yicha barcha tartib-taomillar bajarildi», – dedi Podguzov Toshkentdagi ofis ochilish marosimida.

U, shuningdek, mamlakat rahbariyatiga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, YTB O‘zbekiston bozorida faol ishtirokini kengaytirish niyatida ekanligini ta’kidladi.

«Barchani ishontirib aytamanki, Yevrosiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi faoliyati juda muhim voqea bo‘ladi va qisqa muddat ichida biz suveren bo‘lmagan moliyalashtirish hajmi bo‘yicha O‘zbekistonda yetakchi o‘rinlarni egallaymiz», – dedi Podguzov.

2025-yilda O‘zbekiston YTBning yettinchi ishtirokchi davlatiga aylandi. Bank kapitalidagi ulushi bo‘yicha respublika Rossiya va Qozog‘istondan keyin uchinchi o‘rinni egalladi – 10%.

Yevrosiyo taraqqiyot banki 2006-yilda Rossiya va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilgan. Keyinchalik tashkilotga Armaniston, Tojikiston, Belarus va Qirg‘iziston qo‘shilgan.

Source: kun.uz