Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 19-may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda avtomobil odometri ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki odometr almashtirilgani haqida xaridorni xabardor qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.

Senator Abdulhakim Eshmurodovning ta’kidlashicha, hujjat ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, fuqarolar huquqlari himoyasini kuchaytirish, shuningdek, ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda adolat, xolislik va ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 178−2-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unda avtomobil odometri ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoxud odometrning o‘zi almashtirilgani to‘g‘risida xaridorni xabardor qilmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Ma’ruzachining so‘zlariga ko‘ra, bu norma avtomobil bozorida firibgarlik holatlarining oldini olishga, avtomobil sotishdagi suiiste’molchiliklarga barham berishga va iste’molchilarning ishonchli ma’lumot olish huquqini ta’minlashga xizmat qilishi lozim.

Shuningdek, qonun bilan Kodeksning transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum etish muddatini qisqartirish tartibini belgilovchi 343-moddasi yangi tahrirda bayon etilmoqda. Endilikda bunday masalalar faqat sud tomonidan va aniq belgilangan shartlar mavjud bo‘lgandagina ko‘rib chiqilishi kerak.

Bunda transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum etish muddatini qisqartirish huquqbuzarlikni takroran sodir etgan yoxud ilgari bunday imtiyozdan foydalanib bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Senat ma’lumotlariga ko‘ra, qonunni ishlab chiqishda Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar tajribasi o‘rganilgan. Hujjat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, voyaga yetmaganlar huquqlari kafolatlarini kuchaytirish va huquqni qo‘llash amaliyotida qonuniylikni ta’minlashga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Senator Qobul Tursunovning ta’kidlashicha, amalda odometr ko‘rsatkichlarini aynan kim — avtomobil egasimi yoki sotuvchimi — o‘zgartirganini aniqlash ancha murakkab, chunki buning uchun alohida texnik ekspertiza talab etiladi.

“Mening savolim quyidagicha: ushbu modda bo‘yicha aybdorlikni isbotlashda qanday holatlar asosiy daliliy baza sifatida e’tiborga olinadi?” — deb so‘radi Senat a’zosi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari — Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Shuhrat Polvonovning ma’lum qilishicha, avtomobil sotilishidan oldin xaridorning odometr ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki uskuna almashtirilgani haqida xabardor qilinmagani fakti asosiy holat bo‘ladi.

Uning tushuntirishicha, bunday materiallar Ichki ishlar vazirligining sohaviy bo‘linmalari bilan hamkorlikda tegishli holatlar aniqlangandan keyingina sudga kelib tushadi.

“Shu bois, birlamchi dalillar sifatida aynan shu faktning tasdig‘i, ya’ni ekspertiza xulosasida aniqlangan holat inobatga olinadi. Bu, masalan, xaridorning shikoyati asosida aniqlanadi”, — dedi Oliy sud vakili.

Shuhrat Polvonovning so‘zlariga ko‘ra, agar xaridor o‘z avtomobilida shunday vaziyatni aniqlasa, yangi normaning maqsadi aynan uning iste’molchi sifatidagi huquqlarini himoya qilishdan iborat.

“Shu sababli, bu yerda ekspertiza va Ichki ishlar vazirligining mas’ul bo‘linmalari tomonidan aniqlangan fakt asosiy holat bo‘lib xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi u.

Source: www.gazeta.uz