Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, Namangan viloyatida kuchli do‘lning oldini olish uchun bulutlarga maxsus raketalar uchirildi. Bu do‘lni zaiflashtirib, qishloq xo‘jaligi ekinlariga yetkaziladigan zararni oldini olishga yordam berdi.

Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish xizmati bo‘linmalari do‘l jarayonlari faol bo‘lgan hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini salbiy oqibatlardan himoya qiladi.

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, joriy yilning 1, 11 va 12 may kunlari Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida do‘l bulutlariga ta’sir ko‘rsatish ishlari olib borildi. Jami 57 dona «Alazan-6» do‘lga qarshi raketalari ishlatildi, natijada do‘l jarayoni zaiflashtirildi.

Konvektiv bulutlarga ta’sir ko‘rsatilgandan keyin ham qisqa muddatli do‘l hodisalari kuzatilayotgani qayd etilgan.

«Alazan-6» raketasi haqida: Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Alazan» seriyasidagi do‘lga qarshi raketalar SSSR davrida 1960-yillardan beri qo‘llanilgan; oltinchi versiyasi 2000-yilda ishlab chiqilgan. Raketa kalibri 82,2 mm bo‘lib, maxsus yerga o‘rnatilgan qiya uchirish qurilmasidan uchiriladi. Belgilangan balandlikda (maksimal 9,3 km) portlab, tarkibidagi reagent (kumush yodidi) atmosferaga tarqaladi va do‘l bulutining fizikasiga ta’sir qiladi. Raketaning o‘zini-o‘zi yo‘q qilish ehtimoli 0,9995%.

Do‘l bulutlariga qarshi otryad: O‘zgidromet huzuridagi gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish xizmati do‘l jarayonlari faol bo‘lgan 4 viloyatda: Namangan, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida faoliyat yuritadi.

Klimatolog Erkin Abdulahatov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu xizmat to‘rt viloyatdagi 700 gektar ekin maydonlarini do‘ldan himoya qilish uchun tashkil etilgan. Uning tarkibida o‘nlab MRL-5 meteorologik radiolokatsion tizimlari va yigirmaga yaqin o‘t ochish punktlari mavjud. Xizmat xodimlari soni 170 kishini tashkil qiladi. Yaqin vaqtgacha u FVV tarkibida bo‘lgan, hozir esa Gidrometeorologiya xizmati agentligiga qaytarilgan.

Qisqa muddatli kuchli yog‘ingarchiliklar ko‘paymoqda: Do‘l — kuchli bulutlarda hosil bo‘ladigan va muz zarralari shaklida yerga tushadigan atmosfera yog‘inidir. So‘nggi yillarda kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonda bahorda qisqa muddatli kuchli yog‘ingarchiliklar (yomg‘ir, jala, do‘l) holatlarining ko‘payishiga olib keldi. Yog‘ingarchilik miqdori kamaymagan, biroq ular qisqa vaqt ichida katta hajmda yog‘ib, sel va toshqinlarni keltirib chiqarmoqda.

O‘tgan yillar tahlili shuni ko‘rsatadiki, bahor va yozda do‘l jarayonlarining faolligi o‘rtacha yillik ko‘rsatkich bo‘yicha o‘zgaruvchan: 2020 — 33 kun, 2021 — 34 kun, 2022 — 29 kun, 2023 — 24 kun, 2024 — 40 kun, 2025 — 13 kun.

Source: kun.uz