Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qoraqalpog‘iston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Qo‘ng‘irot tumanidagi Ustyurt tekisligiga 893 bosh yo‘rg‘a tuvaloq qushi qo‘yib yuborildi.

Jarayon Falcon Hunting Solutions MCHJ bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, har yili 2 mingdan 3 ming boshgacha yo‘rg‘a tuvalog‘ini ochiq tabiatga qo‘yib yuborish rejalashtirilgan.

Yo‘rg‘a tuvaloqlari O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro uyushmasining Qizil kitobi hamda yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari savdosi to‘g‘risidagi CITES konvensiyasining I ilovasiga kiritilgan.

Avvalroq Navoiy viloyati Uchquduq, Tomdi, Konimex va Nurota tumanlarida 2400 ta yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborilgandi. Qushlar GPS orqali kuzatuvga olingan. Loyiha Ekologiya qo‘mitasi va BAA ishtirokida amalga oshirilgan.

O‘zbekistonda bu qushlarning ko‘payishini asosan Birlashgan Arab Amirliklari moliyalashtiradi. Buxoro viloyatida qushlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish Amirliklar markazi (Emirates Bird Breeding Center for Conservation), shuningdek, 2008-yildan buyon Navoiy viloyatida yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini saqlash bo‘yicha “Amirliklarning Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi” (Emirates Center for Conservation of Houbara) faoliyat olib boradi.

Ekologiya milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘rg‘a tuvaloq asosan O‘zbekistonning Qizilqum cho‘lida, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Kavkaz orti, Misr, G‘arbiy Osiyo, Mo‘g‘ulistonda yashaydi.

Source: www.gazeta.uz